Siyosat
👁 24
📅 02.11.2026
O'zbekiston tashabbuslari turkiy davlatlar hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Jahon miqyosidagi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar fonida Turkiy davlatlar tashkiloti o'zining o'sish sur'atlarini tezlashtirib, madaniy-tarixiy mushtaraklikdan amaliy va strategik sheriklik sari dadil qadam tashlamoqda. Bugungi kunda davlatlar o'rtasidagi aloqalar yirik savdo-sotiq, sanoat kooperatsiyasi va yagona transport-logistika tizimlarini yaratishdek ulkan maqsadlarni o'zida mujassam etmoqda. Bu esa tuzilmaga a'zo har bir mamlakatning milliy iqtisodiy manfaatlarini umumiy imkoniyatlar bilan uyg'unlashtirishga xizmat qilmoqda. Ushbu integratsiya jarayonlarida O'zbekistonning o'rni va faolligi yildan-yilga ortib bormoqda. Davlatimiz ilgari surayotgan pragmatik va uzoqni ko'zlagan tashabbuslar tashkilot doirasidagi hamkorlikka yangi nafas olib kirib, tarmoqlararo kooperatsiya, moliyaviy infratuzilma va gumanitar aloqalarni mustahkamlashda muhim poydevor vazifasini o'tamoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o'rinbosari Baxtiyor Mustafayevning ta'kidlashicha, O'zbekiston 2019 yildan buyon turkiy davlatlar birlashmasining to'laqonli a'zosi hisoblanadi. O'zbekistonning TDT davlatlari, jumladan, kuzatuvchi maqomidagi Turkmaniston va Vengriya bilan tovar aylanmasi 2017 yildagi 4,13 milliard dollardan 2025 yilda 10,82 milliard dollargacha, ya'ni qariyb 2,6 barobar oshdi. 2026 yil yanvar-iyul oylarida ham o'sish davom etib, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 19,8 foizni tashkil etdi. Bu tarixiy va madaniy yaqinlik iqtisodiy aloqalar bilan toborami mustahkamlanib borayotganini ko'rsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida yuzta strategik investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oluvchi 'Turkiy dunyo - 100' dasturini ilgari surdi. Tashkilotning o'z moliyaviy infratuzilmasi shakllanib borayotgan bo'lib, Turkiy investitsiya jamg'armasining ustav kapitali 600 million dollarni tashkil etadi. Uning ustuvor yo'nalishlari sanoat, infratuzilma, qayta tiklanuvchi energiya va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashni qamrab oladi. Bu esa yuzta loyihadan iborat dastur o'z resurslarini xalqaro banklar va xususiy investorlar mablag'lari bilan birlashtira oladigan amaldagi institutga tayanishi mumkinligini bildiradi.
Shuning bilan birga, ishbilarmonlik aloqalari kengayib borayotgan bir paytda savdo-sotiq va investitsiyalarni huquqiy jihatdan kafolatlash masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O'zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2026 yil 1 yanvar holatiga mamlakatimizda Turkiya kapitali ishtirokida 2137 ta, Qozog'iston kapitali ishtirokida esa 1212 ta korxona faoliyat yuritgan. Shu bois tijorat ishlari bo'yicha o'zaro huquqiy yordam to'g'risidagi shartnomaning taklif etilishi tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
O'rta yo'lakning yuklanishi ortib borayotgan sharoitda taklif etilgan Turkiy davlatlar logistika majlislari va tarmoqlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2025 yilda O'rta yo'lak orqali yuk tashish hajmi 4,7 million tonnadan oshgan. Tarmoqni birgalikda boshqarish xizmat ko'rsatish standartlarini muvofiqlashtirish va yuklar haqida ma'lumot almashish imkoniyatini beradi. Shuningdek, Turkiy turizm alyansini tuzish, 2025 yilda turkiy davlatlar 100 milliondan ortiq sayohatchini qabul qilgani hisobga olinsa, o'zaro sayohatlarni yanada faollashtiradi.
Ta'lim va gumanitar yo'nalishdagi hamkorlik ham yangi bosqichga ko'tarilmoqda. 'Yangi O'zbekiston' dasturi doirasida turkiy davlatlar yoshlari uchun har yili 200 ta ta'lim granti ajratilishi belgilandi. Shuningdek, 2027 yilni Tabiatni muhofaza qilish yili deb e'lon qilish tashabbusi qo'llab-quvvatlanib, umumturkiy so'zlar lug'atini yaratish taklif etildi. Bularning barchasi turkiy dunyo xalqlari o'rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Batafsil →