Siyosat
Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda - Saida Mirziyoyeva
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan birgalikda Samarqand shahridagi tarixiy Registon maydoniga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida o'tkazilgan muloqot chog'ida Samarqandning xalqaro savdodagi tarixiy o'rni hamda O'zbekiston bilan AQSH o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Marko Rubio o'z navbatida Samarqand ko'p asrlar davomida xalqaro savdo aloqalarining muhim va nufuzli markazi bo'lib kelganini alohida ta'kidlab o'tdi. Uning fikricha, bugungi kunda ham ushbu qadimiy zamin ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro manfaatli muloqotlar va sheriklikni rivojlantirishga mezbonlik qilmoqda. Saida Mirziyoyeva AQSH davlat kotibining O'zbekistonga amalga oshirgan ilk tashrifi aynan Samarqanddan boshlangani chuqur ramziy ma'noga ega ekanini qayd etdi. Avvalroq xabar qilinganidek, Marko Rubio O'zbekistonga Amerika kompaniyalarining yuz nafardan ortiq vakilidan iborat yirik delegatsiya boshchiligida tashrif buyurmoqda. Tashrifning asosiy dasturidan Samarqand shahrida C5+1 formati - Markaziy Osiyoning beshta davlati va AQSH tashqi siyosat idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvini o'tkazish o'rin olgan. Shuningdek, O'zbekiston rahbariyati hamda mintaqa mamlakatlari rasmiy vakillari bilan keng qamrovli muzokaralar o'tkazilishi rejalashtirilgan. Bo'lajak uchrashuvlarning asosiy va ustuvor mavzulari sirasiga iqtisodiy hamkorlik, savdo-sotiq aloqalari, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, energetika xavfsizligi va mintaqaviy o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash kiradi. Eslatib o'tamiz, Samarqand shahri C5+1 muloqot formati tarixida ham alohida o'rin tutadi, chunki bu platforma 2015-yilning noyabr oyida aynan shu shaharda tashkil etilgan edi.
Ulashish