Siyosat
Hindistonning O'zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
So'nggi yillarda O'zbekiston — Hindiston munosabatlari keng ko'lamda rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko'tarilmoqda. Bunda ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi muntazam muloqot, oliy darajadagi uchrashuvlar muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhim uchrashuv tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo'mitasi raisi, O'zbekiston — Hindiston parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari Gulruh A'zamova Hindiston Respublikasining O'zbekistondaag Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant bilan muzokara o'tkazdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotgani e'tirof etilib, parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Hindiston parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari G.A'zamova ikki mamlakat o'rtasida qaror topgan siyosiy ishonch va do'stona munosabatlar parlamentlar o'rtasidagi aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilayotganini ta'kidladi.
O'z navbatida, elchi Smita Pant O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi roli ortib borayotgani hamda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tiborni alohida e'tirof etdi.
Shuningdek, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari o'rtasida tajriba almashish va amaliy hamkorlik loyihalarini ko'paytirishdan Hindiston tomoni ham manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini rag'batlantirish borasida o'zaro tajriba almashish, ta'lim, ilm-fan, innovatsiyalar, tibbiyot va turizm sohalaridagi mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish muhimligi ta'kidlandi.
Tomonlar hududlar o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni kengaytirish hamda parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini boyitish masalalari bo'yicha kelgusidagi rejalarni kelishib oldilar.
Ulashish