Jamiyat
800 ming fuqaroning 22 mlrd so‘mlik asossiz kommunal qarzi qayta hisoblandi
Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida vaqtincha boshqa manzilda yoki xorijda boʻlgan qariyb 800 ming fuqaroga asossiz hisoblangan 22 mlrd soʻmlik kommunal qarzdorlik toʻliq qayta hisob-kitob qilindi. Ushbu holatga abonentlar haqidagi maʼlumotlarning amaldagi holatga mos kelmagani hamda yangi maʼlumotlarning axborot tizimiga oʻz vaqtida kiritilmagani sabab boʻlgani aniqlandi.
Qoʻmita tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda respublika boʻylab fuqarolar oʻzlarining asosiy yashash manzilida vaqtincha istiqomat qilmagan yoki xorijda boʻlgan davrida ayrim kommunal xizmatlar uchun asossiz toʻlovlar hisoblangani holatlarini chuqur oʻrganib chiqdi. Oʻrganish jarayonida chet elda vaqtincha yashayotgan, ishlayotgan, ish qidirayotgan va tahsil olayotgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda sezilarli tafovutlar borligi maʼlum boʻldi.
Xususan, tegishli davr mobaynida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati koʻrsatilmagan qariyb 800 ming nafar fuqaro, shuningdek, ichimlik suvi hisoblagichlari bilan taʼminlanmagan hamda xonadonlarida yashamagan 100 nafarga yaqin fuqaro aniqlandi. Natijada xizmat koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan ushbu shaxslarning huquqlari tiklanib, ularning foydasiga qariyb 22 mlrd soʻm miqdoridagi asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilindi.
Amaldagi meyoriy hujjatlarga muvofiq, abonentlar sonidagi har qanday oʻzgarishlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlar asosida aniqlangan taqdirda, qarzdorlik shaxslar soni oʻzgargan sanadan boshlab qayta hisob-kitob qilinadi. Agar tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmasa, qayta hisob-kitob qilish faqat oʻtgan uch oy uchun amalga oshirilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, Raqobat qoʻmitasi kommunal xizmatlar sohasida isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida billing tizimlarini migratsiya maʼlumotlari bazalari bilan toʻliq integratsiya qilishni taklif etdi. Shuningdek, chet elda bir oydan ortiq boʻlgan abonentlar va ular bilan birga yashovchi shaxslar uchun Oʻzbekistonga qaytib kelgunga qadar har oylik avtomatik qayta hisob-kitob tizimini joriy etish boʻyicha masʼul idoralarga tegishli tavsiyalar berildi.
Ulashish