Siyosat
Atom energiyasi sohasida shaffoflik – ishonch va masuliyat mezoni
Davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va qonun ustuvorligini taʼminlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Strategik ahamiyatga ega sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, resurslardan oqilona foydalanish va qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligini taʼminlash alohida masʼuliyat talab etadi. Aton energiyasidan foydalanish sohasi ham aynan shunday yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zatom agentligi va uning tizim tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish, uning kelib chiqishiga imkon yaratuvchi omillarni bartaraf etish hamda faoliyatning barcha yo‘nalishlarida halollik tamoyillarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 2026 yilning birinchi yarim yiligida Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ichki nazorat faoliyatiga oid hujjatlar qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilib, takomillashtirildi.
2026 yilda O‘zatom agentligining barcha 52 ta funksiyasidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar E-anticor.uz elektron platformasi orqali baholashdan o‘tkazildi. Baholash natijalari asosida xavf-xatarlar xaritasi va ularni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha tegishli deklaratsiyalar to‘ldirilib, profilaktik choralar ko‘rildi.
Davlat xaridlarida ochiqlik va qonuniylikni taʼminlash ham doimiy eʼtibor markazida turibdi. Xarid jarayonlari Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun va ichki tartib-taomillar asosida tashkil etilib, maʼlumotlar rasmiy veb-saytda eʼlon qilib borilmoqda. Kadrlar bilan ishlashda ham shaffoflik va teng imkoniyatlar tamoyillariga amal qilinib, vakant lavozimlarga tanlovlar yagona ochiq portal orqali o‘tkazilmoqda.
Agentlik xodimlarining huquqiy madaniyati va shaxsiy masʼuliyatini yuksaltirish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi platformasida maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Shuningdek, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilib, xodimlarning bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Eng muhim natijalardan biri O‘zatom agentligida ISO 37001:2025 xalqaro standartining joriy etilishi bo‘ldi. 2026 yilning iyul va oktyabr oylarida xalqaro sertifikatlashtirish organi auditorlari tomonidan o‘tkazilgan audit yakunlariga ko‘ra, agentlikning korrupsiyaga qarshi menejment tizimi ISO 37001:2025 talablariga muvofiq deb topildi va tegishli sertifikat qo‘lga kiritildi.
Jamoatchilik bilan ochiq muloqot va samarali aloqa mexanizmlari doimiy ravishda faoliyat yuritmoqda. Rasmiy axborot kanalida ishonch telefonlari haqidagi maʼlumotlar eʼlon qilinib, fuqarolar va xodimlarning murojaat qilishlari uchun sharoit yaratilgan.
O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxodjayev taʼkidlaganidek, halollik va qonun ustuvorligi har bir xodimning kundalik faoliyat mezoniga aylangan, ochiqlik va masʼuliyatga asoslangan boshqaruv tizimi atom energiyasidan foydalanish sohasining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ulashish