Siyosat
AQSh davlat kotibi Samarqandga keldi
AQSh davlat kotibi Marko Rubio rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keldi. Uni Samarqand xalqaro aeroportida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Ushbu tashrif ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Tashrif doirasida Samarqand shahrida Markaziy Osiyo va AQSh (C5+1) formatidagi vazirlar uchrashuvi bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Mazkur nufuzli tadbirda mintaqadagi davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va boshqa hamkasblar ishtirok etib, o'zaro hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini atroflicha muhokama qilishadi.
Shuningdek, tashrifning ikkinchi kuni Samarqandda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida muhim tadbir o'tkaziladi. Xususan, Amerika - O'zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig'ilishi ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda xizmat qiladi.
Ushbu nufuzli biznes forumda qatnashish uchun ikki yuzdan ortiq amerikalik tadbirkorning O'zbekistonga kelishi rejalashtirilgan. Bu esa AQSh ishbilarmonlik doiralarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va sarmoyaviy muhitga bo'lgan qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari va tahlil markazlari Marko Rubioning O'zbekistonga tashrifini yuqori baholamoqda. Xususan, C5+1 formatidagi uchrashuvlar Vashingtonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash va o'zaro manfaatli strategik sheriklikni kuchaytirishga qaratilgan jiddiy intilishi sifatida izohlanmoqda.
Ulashish