← Orqaga
searchTV.uz

Senat qo‘mitasi favqulodda vaziyatlarning oldini olishga e’tibor qaratdi

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashni takomillashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining xizmatini munosib e’tirof etish hamda favqulodda vaziyatlar monitoringi holatiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. Majlisda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini mustahkamlash va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari ko‘rib chiqildi. Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Muhokama davomida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar eng muhimi inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish ekanini ta’kidlab o‘tdilar. Shuningdek, majlisda huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga doir muhim masala muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Ushbu tashabbus profilaktik inspektorlarning fidokorona mehnatini e’tirof etish va ularning kasbiy nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Majlis doirasida mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatni rag‘batlantirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi. Qayd etilganidek, sohada xizmat qilayotgan xodimlarning mehnatini munosib baholash ularning mas’uliyatini yanada oshiradi. Bu esa o‘z navbatida joylarda huquq-tartibotni ta’minlashda muhim o‘ynaydi. Tadbirda tabiat, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham ko‘rib chiqildi. So‘zga chiqqanlar sohada erishilgan natijalar bilan birga mavjud kamchiliklar va oldinda turgan vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdilar. Xavfli jarayonlarni barvaqt aniqlash va ilmiy asosda prognoz qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, idoralararo axborot almashinuvini tubdan kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Aholini favqulodda vaziyatlar haqida o‘z vaqtida ogohlantirish tizimini yanada takomillashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish belgilandi.
Ulashish