← Orqaga
searchTV.uz

Yerga oxshash sayyoralardan birida yil bir haftaga ham yetmaydi

Fan-texnologiya olamida koinotni tadqiq etish ishlari jadal davom etmoqda. Astronomlar Quyosh tizimidan tashqarida 6000 dan ziyod sayyora - ekzosayyorani aniqlashga muvaffaq bo'lishdi. Ular orasida ulkan gaz dunyolari, yulduziga juda yaqin joylashgan qaynoq sayyoralar va Yerga ayrim jihatlari bilan o'xshaydigan osmon jismlari mavjud. Ayniqsa, yulduzining yashashga yaroqli zonasida joylashgan sayyoralar ilm-fan olamida katta qiziqish uyg'otmoqda. Bu atama tegishli atmosfera va boshqa zarur sharoitlar mavjud bo'lsa, sayyora yuzasida suyuq suv saqlanishi mumkin bo'lgan masofalar oralig'ini anglatadi. Biroq bunday zonada joylashishning o'zi sayyorada okean yoki hayot borligini bildirmaydi. Olimlar e'tiborini tortgan shunday qiziqarli dunyolardan biri TOI-700 d ekzosayyorasi hisoblanadi. U 2020-yilda kashf etilgan bo'lib, Quyoshdan kichikroq va sovuqroq qizil mitti yulduz atrofida aylanadi. Uning bir yili 37,4 Yer kuniga teng keladi. NASA arxividagi yangilangan baholarga ko'ra, sayyoraning diametri Yernikidan taxminan 14,5 foiz katta. TOI-700 dning diqqatga sazovor jihati - nisbatan sokin, o'ta kuchli faollik ko'rsatmaydigan yulduzning yashashga yaroqli zonasida joylashganidadir. Qizil mitti yulduzlar atrofidagi sayyoralarni o'rganishda bu muhim omil sanaladi. Bunday yulduzlarning nurlanishi sayyora atmosferasiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin. Shuning uchun olimlar suyuq suv uchun mos haroratdan tashqari, atmosferaning saqlanishi va yulduz faolligini ham hisobga oladi. Agar TOI-700 dda okeanlar va yetarli atmosfera bo'lsa, u yerda nisbatan barqaror muhit mavjud bo'lishi mumkin. Biroq uning haqiqiy yuzasi qanday ko'rinishda ekani hozircha noma'lum. Bu dunyo bizdan 100 yorug'lik yilidan ham uzoqda joylashgan bo'lib, yorug'likning o'zi unga yetib borishi uchun bir asrdan ko'proq vaqt sarflaydi. Tadqiqotchilar o'rgangan yana bir qiziqarli osmon jismlaridan biri TRAPPIST-1e 2017-yilda aniqlangan. Uning diametri Yernikining taxminan 92 foiziga, massasi esa 69 foiziga teng. Bu toshli sayyoraning eng diqqatga sazovor xususiyatlaridan biri - yulduzi atrofini atigi 6,1 Yer kunida aylanib chiqishidir. Demak, bu sayyorada bir yil bir haftaga ham yetmaydi. Sayyora o'z yulduziga juda yaqin masofada joylashgan bo'lib, ular orasidagi masofa Yer bilan Quyosh orasidagi masofaning atigi 2,9 foizini tashkil etadi. Shunga qaramay, TRAPPIST-1 yulduzi Quyoshdan ancha sovuq va xira bo'lgani uchun bunday yaqinlik sayyorani avtomatik ravishda yashashga yaroqsiz qilib qo'ymaydi. Tizimdagi sayyoralar, ehtimol, o'z yulduziga doimo bir tomoni bilan qarab turadi. Bu holat priliv qulflanishi deb ataladi. Agar shunday bo'lsa, TRAPPIST-1e sayyorasining bir yarmida doimiy ravishda kunduz, ikkinchi yarmida esa doimiy tun hukm surishi mumkin. Ammo hozircha ularning birortasida hayot mavjudligi tasdiqlanmagan.
Ulashish