Ilm-fan
12 800-yil avval Yerni nima sovitgan: kometami yoki vulqonlar?
Taxminan 12 800-yil avval boshlangan keskin sovish sabablari haqidagi bahsga yangi ilmiy tadqiqotlar qoʻshildi. Olimlar oʻrtasida bu iqlim oʻzgarishining asl sababi nima boʻlgani borasidagi munozaralar davom etmoqda.
Floridadagi choʻkindilarni oʻrgangan tadqiqotchilar guruhi vulqon otilishlari izlarini aniqlaganini maʼlum qildi. Ular bu topilmalar iqlim oʻzgarishiga sabab boʻlgan asosiy omil ekanini taʼkidlamoqda.
Boshqa tomondan, Grenlandiya muzlarini tahlil qilgan boshqa bir ilmiy guruh topilmalarni kosmik jism zarbasi bilan bogʻlamoqda. Ularning fikricha, Yerga kometa yoki uning parchalari kelib urilgan.
Kechki drias deb ataluvchi bu sovuq davr soʻnggi muzlanish yakunida boshlangan edi. Uning sabablarini tushuntirishga qaratilgan farazlardan birortasi hozircha masalaga uzil-kesil javob bergani yoʻq.
Lyusen Nana Yobo boshchiligidagi guruh Floridadagi Peyj-Ladson suvosti arxeologik yodgorligi choʻkindilarini oʻrgandi. Natijalar Science Advances jurnalida eʼlon qilindi.
Olimlar osmiy izotoplari nisbatini, reniy va boshqa elementlar miqdorini tekshirdi. Sovish boshlangan davrdagi qatlamlarda osmiy va reniy miqdori oshgani aniqlandi.
Biroq elementlarning oʻzaro nisbati meteorit moddasidan koʻra vulqon aerozollariga koʻproq mos keldi. Mualliflarning fikricha, bu holat vulqon faolligini tasdiqlaydi.
Kosmik zarba tarafdorlari esa Grenlandiyadagi muz qatlamlariga tayanib, kosmik chang va nanozarrachalar topilganini bildirgandi.
Ulashish