← Orqaga
searchTV.uz

Oddiy printer surati gʻolib boʻldi: mikroskop ostidagi hayratlanarli dunyo

Nikon kompaniyasi mikroskop yordamida olingan eng taʼsirchan tasvirlarni saralaydigan tanlovini 52-marta oʻtkazdi. Gʻolib ishlar odatda koʻzimiz ilgʻamaydigan detallar orqali kundalik hayotga boshqacha nazar tashlash imkonini beradi. Bu yilgi Nikon Small World 2026 mikrofotografiya tanlovida jami 69 mamlakatdan 1803 ta surat taqdim etildi va hakamlar hayʼati jami 86 ta ishni eʼtirof etdi. Tanlovda birinchi oʻrin Germaniyaning Kyoln shahridagi talaba va tajribachi fotograf Ole Bilfeldtga nasib etdi. U purkagichli printerning qogʻozga siyoh tushirish jarayonini mikroskop orqali suratga oldi. Bilfeldt buning uchun oʻzi maxsus suratga olish qurilmasini yasagan boʻlib, uning Macrofying nomli loyihasi oddiy buyum va jarayonlarni mikrofotografiya orqali kutilmagan tomondan koʻrsatishga bagʻishlangan. Fotografning taʼkidlashicha, printerda chop etish shunchalik tez va koʻp takrorlanadiki, odamlar uning mikroskopik darajada qanday kechishi haqida deyarli oʻylamaydi. Kamera esa shu odatiy jarayonning koʻzga koʻrinmas detallarini ochib berishga muvaffaq boʻldi. Ikkinchi oʻrinni Jon-Oliver Dann egalladi. Uning suratida tanasiga gul changi yopishgan sakrovchi oʻrgimchak - Salticus scenicus aks etgan. Bu tasvir tabiatning murakkab va nafis tuzilishini yaqqol namoyon etdi. Uchinchi oʻrin Kaelin Vulf va Reychel Flannerining sichqon miyasidagi neyronlar aks etgan ishiga berildi. Ushbu ilmiy yoʻnalishdagi ish hakamlar eʼtiborini tortib, yuqori baholandi. Shuningdek, tanlovda yuqori baholangan boshqa ishlar qatoriga hasharotlar, oʻsimliklar, hujayralar va elektr razryadi taʼsiridagi qalam grifeli tasvirlari kiritildi. Jumladan, yongʻoq uzunburun qoʻngʻizi - Curculio nucum ham eʼtirofga sazovor boʻldi.
Ulashish