← Orqaga
searchTV.uz

Yoshlar bandligi va xavfsiz migratsiya bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi

Poytaxt yoshlarini zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish, shuningdek, ularning xalqaro mehnat bozorida munosib o‘rin egallashini ta’minlash yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Jumladan, Migratsiya agentligining Toshkent shahar filialida Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi, Toshkent shahar Kasbiy ta’lim boshqarmasi hamda Migratsiya agentligi filiali rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Mazkur hamkorlik kelishuvi yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish hamda xorijda qonuniy ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan «2+6» dasturi doirasida amalga oshirildi. Ushbu dastur uchta muhim tuzilmaning sa’y-harakatlarini yagona maqsad ostida birlashtirishga qaratilgan bo‘lib, kelgusida kutilayotgan natijalar ko‘lamini yanada kengaytiradi. Endilikda imzolangan memorandumga muvofiq, mas’ul tomonlar yoshlarning xorijiy tillarni o‘zlashtirish xarajatlarini davlat tomonidan subsidiyalash borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Bu esa o‘z navbatida yoshlarning chet tillarini o‘rganishidagi moliyaviy to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi va ularning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi. Shuningdek, memorandum doirasida yoshlarni xalqaro standartlar asosida kasb-hunarga tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Zamonaviy mehnat bozorining talablaridan kelib chiqqan holda, o‘quv jarayonlari tashkil etilib, yoshlarning raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishi ta’minlanadi. Qonuniy va xavfsiz mehnat migratsiyasi masalalari ham ushbu hamkorlikning markazida turadi. Tashkil etilayotgan yangi tizim orqali yoshlar xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlariga uyushqoqlik bilan joylashtiriladi va ularning huquqiy hamda ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi. Imzolangan hujjatga asosan, yoshlarni til o‘rgatish, kasbga tayyorlash, xorijda ishga joylashtirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaxlit va yagona tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa o‘z navbatida poytaxtimiz yoshlarining kelajagiga qo‘yilgan muhim sarmoya bo‘lib xizmat qiladi.
Ulashish