Jamiyat
Namangan viloyatining Pop tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ko'zdan kechirildi
Namangan viloyati Pop tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal olib borilmoqda. Joriy mavsumda tumanni barcha zarur yoqilg'i turlari bilan ta'minlash bo'yicha amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tumanidagi Temir yo'l mahallasida joylashgan markaziy ko'mir omborida bo'lib, aholiga ko'mir yetkazib berish hamda tarqatish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Omborda yaratilgan sharoitlar va zaxiralar ko'zdan kechirildi. Shuningdek, jarayon davomida mas'ullarga ko'rsatmalar berildi. O'rganishlar doirasida tuman hududidagi 15-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida ham bo'lindi. Mazkur muassasada isitish tizimining holati va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi atroflicha o'rganildi. Ma'lum qilinishicha, joriy kuz-qish mavsumida tumanning ijtimoiy soha va aholi ehtiyojlari uchun jami 24 ming 362 tonna ko'mir bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar ushbu rejaning bajarilishi bo'lib, jami 8 ming 839 tonna ko'mir yetkazib berilgan. Rejaning ijrosi hozirgi bosqichda 36 foizni tashkil etmoqda. Ta'minot ko'rsatkichlariga ko'ra, shundan 5 ming 937 tonna ko'mir mahalliy tadbirkorlar hissasiga to'g'ri keladi. Qolgan 2 ming 902 tonna ko'mir esa importyorlar tomonidan muvaffaqiyatli yetkazib berilgan. O'rganish davomida ko'mir ta'minotini oldindan belgilangan maxsus grafik asosida tashkil etish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Yoqilg'i mahsulotlarini aholiga o'z vaqtida va uzluksiz yetkazib berish muhim vazifa ekanligi ta'kidlandi. Shuningdek, ijtimoiy soha muassasalarida o'rnatilgan isitish tizimlarining barqaror va uzluksiz ishlashini ta'minlash bo'yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Bu kabi o'rganishlar hududlarda qish mavsumining betalofat o'tishini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ulashish