Jamiyat
IIV gaz va ko'mirni noqonuniy aylanishiga qarshi nazoratni kuchaytirmoqda
O'tgan bir oy davomida O'zbekistonda ko'mir va suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash hamda o'tkazish bilan bog'liq 390 ta qoidabuzarlik holati aniqlandi. Noqonuniy muomaladan 9 139 ta gaz balloni, 92 tonna 936 kilogramm suyultirilgan gaz va 333 tonna 540 kilogramm ko'mir musodara qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining 6-noyabrdagi axborotida ma'lum qilindi. Mazkur raqamlar vazir Aziz Toshpo'latov ishtirokida aholini energetika resurslari bilan ta'minlash masalalariga bag'ishlangan yig'ilishda keltirib o'tildi.
Vazirlik ma'lumotlariga ko'ra, ko'mirni noqonuniy saqlash va o'tkazish bilan bog'liq 16 ta holat qayd etilgan. Musodara qilingan 333 tonna 540 kilogramm ko'mir to'g'ridan-to'g'ri aholi ehtiyojlari uchun yetkazib berildi. Suyultirilgan gaz bilan bog'liq shunday huquqbuzarliklar soni esa 374 tani tashkil etdi. Olingan gaz ballonlari va suyultirilgan gazni aholi iste'moli uchun qaytarish choralari ko'rildi.
Jumladan, oktabr oyida Samarqand viloyatida Pastdarg'omtumangaz gaz ta'minoti korxonasi xodimlari aholi uchun ajratilgan gaz to'ldirilgan maishiy ballonlarni maxsus transport vositalarida talon-toroj qilayotgani aniqlandi. O'tkazilgan tadbir davomida 32 million so'mlik 3 tonna 100 kilogramm uglevodorod gazi musodara qilindi. Mazkur holat yuzasidan korxona xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi v bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi holatning boshqa tafsilotlarini o'rganmoqda.
Yig'ilishda kuz-qish mavsumida xonadonlar va ijtimoiy soha obyektlarini ko'mir, tabiiy hamda suyultirilgan gaz bilan barqaror ta'minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mas'ullarga gaz ballonlarini belgilangan grafik bo'yicha yetkazib berish, iste'molchilardan asossiz to'lov talab qilmaslik va mahsulotni belgilangan meyordan kam bermaslik vazifasi yuklatildi. Shuningdek, mahsulotlarning haqiqiy hajmi bilan hisobotlardagi raqamlar o'rtasidagi tafovutlar, soxta ma'lumot kiritish hamda noqonuniy vositachilik holatlarini aniqlashga qaratilgan tezkor-profilaktik tadbirlarni kuchaytirish belgilandi.
Mutasaddilarga energetika mahsulotlarini tashishda yuklar butligini nazorat qilish, gaz to'ldirish shoxobchalari, omborlar va taqsimlash bazalari qo'riqlanishini kuchaytirish topshirildi. «Hududgazta'minot» AJ bilan hamkorlikda ta'minotdagi uzilishlar sabablarini aniqlash, mahsulot hajmi va taqsimoti hisobini yuritish choralari ko'rildi. Iste'molchilarning murojaatlarini tezkor hal etish bo'yicha ham aniq vazifalar belgilab berildi.
Ulashish