← Orqaga
searchTV.uz

Adliya xodimlari ona tilidan diktant yozdi

Namanganda viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan O'zbek tilim - jonu dilim shiori ostida adliya xodimlari o'rtasida diktant yozish bo'yicha maxsus tadbir uyushtirildi. Ushbu tashabbus o'zbek tiliga davlat tili maqomini yanada mustahkamlash va uning nufuzini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur tadbir viloyat va shahar hokimliklari hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazining Namangan hududiy bo'linmasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirning ochilish qismida Namangan shahar hokimining davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchisi Azizbek Abduvaliyev ona tilimizning milliy o'zlikni anglash, ma'naviyat va tariximizdagi beqiyos o'rniga alohida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, davlat tilining nufuzini oshirish, uni asrab-avaylash hamda kundalik hayot va rasmiy ish yuritishda adabiy til me'yorlariga qat'iy rioya etish muhimligi ta'kidlandi. Shundan so'ng viloyat adliya boshqarmasi hamda shahar, tuman adliya bo'limlari xodimlari ishtirokida amaliy diktant jarayoni boshlandi. Ishtirokchilar o'zbek tilida to'g'ri va savodli yozish ko'nikmalarini sinovdan o'tkazib, ona tiliga bo'lgan hurmat va ehtiromlarini amalda namoyon qildilar. Har bir xodim matnni diqqat bilan tinglab, imlo qoidalariga rioya qilgan holda qog'ozga tushirdi. Musobaqa yakuniga ko'ra, diktant natijalari e'lon qilindi va eng savodli xodimlar aniqlandi. Namangan viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Dilshodbek Ne'matov faxrli g'oliblikni qo'lga kiritdi. Faxrli ikkinchi o'rinni Namangan shahar adliya bo'limi Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi Shamsiddin Muhammadiyev egalladi. Uchinchi o'rin esa Chust tumani adliya bo'limi Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bo'limi inspektori Jayrona Botiraliyevaga nasib etdi. Barcha g'oliblarga Namangan viloyati adliya boshqarmasining maxsus diplomlari va esdalik sovg'alari tantanali ravishda topshirildi. Ushbu tadbir davlat tiliga bo'lgan hurmatni yanada yuksaltirish, o'zbek tilining nufuzi va mavqeini mustahkamlashga xizmat qildi. Shuningdek, adliya organlari xodimlarining yozma savodxonligini oshirish hamda ona tilimizdan oqilona foydalanish ko'nikmalarini rivojlantirishda muhim qadam bo'ldi.
Ulashish