← Orqaga
searchTV.uz

Yashillikka burkanayotgan Andijon: kuzgi mavsumda 10 milliondan ortiq ko'chat ekiladi

Xalqimizning 'Kuchat ekish, bog yaratish, xayrli va savobli ish' degan ibratli gapi beziz aytilmagan. Chunki kuchat ekish, chor-atrofni yashil hududlarga aylantirish, eng avvalo, salomatligimizni mustahkamlashga, hayotimiz farovonligini ta'minlashga xizmat qiladigan eng muhim omillardan hisoblanadi. Shu bois ham, keyingi yillarda yurtimizda kuchat ekish, yashil makonlar barpo etish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan 'Yashil makon' umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida kuchat ekish, yashil hududlarni barpo etish borasida ham keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Birgina 2024-2025 yillarda 'Yashil makon' loyihasi doirasida viloyatda 30 million tupdan ziyod kuchat ekilib, viloyatning yashillik darajasi yanada ortdi. Umuman, loyiha boshlangan 2016 yilda viloyatda yashillik darajasi 8,3 foizni tashkil etgan bo'lsa, o'tgan 10 yil davomida ushbu ko'rsatkich 14,1 foizga yetdi. 2030 yilga qadar viloyatning yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shu o'rinda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 23 sentyabrda imzolangan 'Yashil makon' umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida'gi farmonni alohida e'tirof etish lozim. Joriy yil kuz mavsumida viloyatda 'Yashil makon' umummilliy loyihasi doirasida jami 10 million 732 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta ko'chati, qalamchalarini ekish rejalashtirilgan. – Loyiha doirasidagi ishlarni o'z vaqtida va sifatli o'tkazish maqsadida Andijon viloyati Ekologiya va iqlim o'zgarishi boshqarmasida viloyat shtabi hamda tuman, shahar hokimliklarida ishchi guruh va shtablar tashkil etildi, – deydi boshqarma boshlig'i Lazizbek Hasanov. – Bundan tashqari, ko'chat ekish tadbirlarini sifatli o'tkazish uchun zarur choralar ko'rildi. Shu kunlarda viloyatning barcha tuman va shaharlarida kuzgi ko'chat ekish jarayoniga qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda. Joriy yil kuzgi ko'chat ekish mavsumida har bir shahar va tumanlarda 2 tadan mahallada mikroo'rmon, soyali sayr ko'chalar, jamoatchilik bog'lari barpo etish ko'zda tutilgan. Ayni kunlarda barpo etiladigan ko'chalar belgilab olindi, bog'lar uchun yer maydonlari ajratildi. Kuzgi ko'chat ekish mavsumida har bir shahar va tumanda ko'chat ekish aksiyalari o'tkaziladi. Aksiyalar doirasida tanlab olingan mahallalarda barpo etiladigan 'Yashil bog'lar' uchun 49,3 gektar yer maydoni tanlab olinib, ko'chat ekish uchun tayyorlab qo'yildi. Hozirga qadar viloyatda kuz mavsumida ekiladigan 10 million 732 ming tup ko'chat zaxirasi to'la yaratildi. Kuzgi ko'chat ekish jarayonida viloyatning iqlim va tuproq sharoitiga mos bo'lgan pavloniya, kashtan, qayrag'och, qarag'ay, chinor, eman, terak singari 20 ga yaqin turdagi manzarali daraxt ko'chatlari ekilishiga alohida e'tibor qaratildi. Loyiha doirasida ekilgan ko'chatlarning saqlash, parvarishlash va sug'orishga mas'ullar biriktiirilib, zarur ishlar olib boriladi.
Ulashish