Madaniyat
Askiya va qiziqchilik san’atini yosh avlod davom ettiradi
Milliy merosga ehtirom, ustozlar an’anasiga sadoqat va ijodiy vorislik – san’atimiz taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Qo‘qon shahrida O‘zbek milliy askiya va qiziqchilik san’atida ustoz-shogird an’analari hamda ijodiy vorislik mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy ma’naviy merosi, milliy tafakkuri va betakror ijodiy salohiyatini o‘zida mujassam etgan askiya va qiziqchilik san’atining bugungi taraqqiyoti hamda istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Konferensiyada milliy askiya san’atining tarixiy ildizlari va rivojlanish bosqichlari tahlil etildi. Shuningdek, ustoz-shogird an’analarini izchil davom ettirish, boy ijodiy tajribani yosh avlodga yetkazish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy san’atimizning nufuzini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida so‘z olgan Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshijod Axmedov askiya va qiziqchilik san’ati shunchaki kulgi va mutoyiba emasligini ta’kidladi. U xalqimizning hayotiy tajribasi, terang mushohadasi, so‘zga chanqaligi, nozik yumori va yuksak ma’naviyatini namoyon etuvchi noyob san’at turi ekanini qayd etdi. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish va kelajak avlodlarga yetkazish barchaning muhim vazifasi ekanligi urg‘ulandi.
Konferensiya doirasida muhim amaliy qadam tashlanib, Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi hamda Askiya, qiziqchilik va stendap san’ati ijodiy birlashmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasida ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalar va konsert dasturlarini amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish hamda yangi iste’dodlarni kashf etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Anjuman ishtirokchilari ustozdan shogirdga, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan san’at – millat ma’naviyatining uzviy davomi ekanini qayd etishdi. Milliy qadriyatlarimizni e’zozlash, buyuk ustozlar merosini munosib davom ettirish va yosh avlod qalbida san’atga muhabbat uyg‘otish madaniy merosimizning kelajagini ta’minlaydi.
Qo‘qonda o‘tkazilgan ushbu xalqaro konferensiya milliy askiya va qiziqchilik san’atini rivojlantirish, ijodiy vorislikni mustahkamlash hamda o‘zbek xalqining betakror san’atini keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Tadbir yakunida soha vakillari o‘zaro fikr almashib, kelgusidagi rejalarini belgilab oldilar.
Ulashish