Madaniyat
Turkiy xalqlar muzeyshunoslari Andijonda jam bo'ldi
Andijonda TURKSOY V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi hamda “Turkiy dunyoda milliy liboslar: tarix, o'zlik va madaniy meros” mavzusida ilmiy anjuman bo'lib o'tdi. Mazkur tadbir Andijon – turkiy dunyo madaniyat poytaxti maqomi doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida Andijon davlat tibbiyot institutida tashkil etildi.
Uchrashuvda TURKSOY muzeylar birlashmasi vakillari, Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi, viloyat hokimligi mutasaddilari, TURKSOYga a'zo davlatlar muzeylari rahbarlari, tarixchi va muzeyshunos olimlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir avvalida ishtirokchilar milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasini ko'zdan kechirdi.
Shundan so'ng V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi boshlandi. Tadbirda TURSKOY hamda TURSKOY muzeylar birlashmasi faoliyatiga bagishlangan videorolik namoyish etildi. Anjuman ochilishida Andijon viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzaev, Madaniy meros agentligi Muzeylar boshqarmasi vakili Dilobar Mirhusanova, TURKSOY muzeylar birlashmasining 2026 yildagi raisi, O'zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, professor Jannat Ismoilova va TURKSOY bosh kotibi Sultan Raev so'zga chiqdi.
Ta'kidlanganidek, Andijon shahri 2026 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e'lon qilingani ushbu maqom doirasidagi tadbirlarning ahamiyatini yanada oshiradi. Bunday muloqot maydonlari turkiy xalqlar ijodkorlari va madaniyat ahlini yanada yaqinlashtirib, o'zaro tajriba almashish imkonini beradi.
– 2022 yilda tashkil etilgan TURKSOY Muzeylar birlashmasiga hozirga qadar turkiy davlatlardagi 80 dan ortiq muzeylar a'zo bo'lgan, – dedi professor Jannatxon Ismoilova. Uyushmaning asosiy maqsadi umumiy tarix, madaniy meros va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashdan iborat.
Tadbir davomida TURKSOY bosh kotibi Sultan Raev O'zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova hamda Gagauziya tarix va etnografiya milliy muzeyi direktori Lyudmila Maringa turkiy xalqlar madaniyati rivojiga qo'shgan hissasi uchun TURSKOY medalini topshirdi. Shuningdek, qator muzeylarga TURSKOY Muzeylar birlashmasiga a'zo sifatida qabul qilinganligi haqida sertifikatlar topshirildi.
Shundan so'ng “Turkiy dunyoda milliy liboslar: tarix, o'zlik va madaniy meros” mavzusida ilmiy anjuman o'z ishini boshladi. Anjuman yig'ilishini TURSKOY Muzeylar birlashmasi rahbari, doktor Barish Javid Mavsumli olib bordi. Unda O'zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg'iziston va boshqa davlatlar vakillarining ma'ruzalari tinglandi.
Besh ta sho'ba doirasida o'tkazilgan anjuman yig'ilishlarida muzeylar faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko'tarish, milliy va tarixiy qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirish hamda hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Ulashish