Jamiyat
Qibraydagi konteynerlardan 7 kg marixuana va pnevmatik qurol topildi
Toshkent viloyati Qibray tumanida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan tezkor tadbir o'tkazildi. Tadbir davomida qishloq xo'jaligi maqsadlarida foydalanish uchun ijaraga berilgan yer maydoni chetidagi ikki konteyner ko'zdan kechirildi. Mazkur yer maydoni Qibray tumanida yashovchi, 1986-yilda tug'ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroga uzoq muddatli ijaraga berilgani aniqlandi. Konteynerlar xolislar ishtirokida to'liq tekshiruvdan o'tkazildi va u yerda saqlanayotgan taqiqlangan moddalar fosh etildi. Tekshiruv natijasiga ko'ra, quruq holda saqlanayotgan umumiy og'irligi 7 kilogramm bo'lgan marixuana giyohvandlik vositasi topildi. Shuningdek, konteynerlardan IJ-38 rusumli pnevmatik qurol hamda uch dona patron ashyoviy dalil sifatida olib qo'yildi. Hozirgi vaqtda aniqlangan holat yuzasidan tegishli tartibda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari tomonidan barcha holatlar va jinoyat aloqadorligini aniqlash ishlari davom ettirilmoqda.
Ulashish