← Orqaga
searchTV.uz

Professor xonadonida qariyb o'ng mingta kitob jamlangan uy kutubxonasi tashkil etildi

Kitob - inson tafakkurini charxlaydigan, qalbini ezgulikka yo'g'iradigan, hayotga teran nigoh bilan qarashga o'rgatadigan bebaho boylikdir. Uning qadri faqat javonlarda saqlanishi bilan emas, balki nechta qalbdan joy olishi, qancha insonni yangi bilimlar sari yetaklashi bilan belgilanadi. Guliston tumanining Mevazor mahallasida Ravshanbek Mahmudov xonadonida tashkil etilgan kutubxona ana shu ezgu tashabbusning amaliy ifodasidir. Bugun axborot oqimi tobora tezlashib, inson diqqatini turli vositalar o'ziga tortayotgan bir davrda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni mutolaaga oshno etish muhim vazifalardan biridir. Bu yo'lda quruq da'vatlardan ko'ra, shaxsiy namuna va amaliy tashabbus ko'proq samara beradi. Ravshanbek Mahmudovning yillar davomida to'plagan kitoblarini keng jamoatchilik bilan baham ko'rishga qaror qilgani ham e'tiborga molik ana shunday tashabbusdir. Guliston davlat universiteti professori, fan nomzodi, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika "Ma'rifat" targ'ibotchilar jamiyati a'zosi bo'lgan Ravshanbek Mahmudovning shaxsiy kutubxonasida qariyb o'ng mingta kitob jamlangan. Endi bu boylikdan mahalla ahli, talabalar, jurnalistlar va kitobga qiziquvchi boshqa insonlar ham bahramand bo'lishlari mumkin. Mazkur tashabbus zamirida Ravshanbek Mahmudov va uning turmush o'rtog'i, ko'p yillardan buyon ta'lim sohasida faoliyat yuritib kelayotgan oliy toifali matematika o'qituvchisi, "Ma'rifat fidoyisi" ko'krak nishoni sohibi Zamiraxon Ismoilovaning kitobga muhabbati, ma'rifatga sadoqati va yillar davomida qalblarida asrab kelgan orzulari mujassam. Ayniqsa, Zamiraxon Ismoilovaning uy kutubxonasini tashkil etish haqidagi o'n yillik orzusi ro'yobga chiqqani bu ezgu ishga alohida mazmun bag'ishlaydi. Professorning ta'kidlashicha, bu yerdagi kitoblar o'tgan asrning 70-yillaridan buyon jamlanib kelinmoqda. Darhaqiqat, bu kutubxonadagi har bir kitobning o'z tarixi va o'z qadri bor. Bu yerda olimning ilmiy, badiiy va publitsistik asarlari, monografiyalari, shuningdek, o'zbek va jahon adabiyoti namunalari, darsliklar, o'quv qo'llanmalari, tarixiy hamda falsafiy kitoblar jamlangan. Ravshanbek Mahmudovning 70 dan ortiq asari ham kutubxona boyligining salmoqli qismini tashkil etadi. Shuningdek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva va To'ra Sulaymon kabi taniqli ijodkorlarning asarlari hamda mualliflar dastxati bitilgan kitoblar alohida ahamiyatga ega. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati hududiy bo'limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyirova va boshqa ko'plab ijodkorlar bu tashabbusni yuqori baholab, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirishda bu kabi ma'rifat maskanlarining o'rni beqiyos ekanini ta'kidladilar.
Ulashish