← Orqaga
searchTV.uz

Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan ayiq va toʻngʻizlarni noqonuniy ovlaganlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Samarqand va Surxondaryo viloyatlari Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmalari xodimlari hamkorligida navbatdagi reyd tadbirlari oʻtkazildi. Reyd davomida shubhali deb topilgan «Niva Legend» rusumli avtomashina toʻxtatilib, belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi. Avtomashinaning yukxonasidan sakkizta qopga solingan bir bosh ayiq hamda uch bosh yovvoyi choʻchqaning tana boʻlaklari topildi. Ushbu holat huquq-tartibot organlari va ekologiya xodimlari tomonidan rasman qayd etildi. Tekshiruv davomida transport vositasidan besh dona turli rusumdagi stvolli ov qurollari, oʻq-dorilar, durbinlar, ovoz pasaytiruvchi moslamalar, pichoqlar, fonarlar, bolta va boshqa zarur buyumlar borligi aniqlandi. Ushbu ashyoviy dalillar huquqbuzarlardan belgilangan tartibda olib qoʻyildi. Ov qurollari, oʻq-dorilar, ruxsatnomalar va ovchilik guvohnomalari vaqtincha saqlash uchun Samarqand viloyati IIBga topshirildi. Aniqlanishicha, huquqbuzarlar tomonidan Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hududida Qizil kitobga kiritilgan Tyan-Shan qoʻngʻir ayigʻi va uch bosh toʻngʻiz noqonuniy ovlangan. Tabiatga yetkazilgan ushbu zarar natijasida hayvonot dunyosiga jami 679 million 800 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi. Bu ekotizimga va yovvoyi tabiatga yetkazilgan jiddiy zarar sifatida baholanmoqda. Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda. Qonunbuzarlar qonunga muvofiq oʻz jazosini olishi taʼminlanadi. Eslatib oʻtamiz, mamlakatimizda yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish, brakonerlikka qarshi kurashish hamda tabiat resurslaridan foydalanish qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qatʼiy chora-tadbirlar koʻrib kelinmoqda. Ekologiya qoʻmitasi fuqarolarni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga va qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslikka chaqiradi.
Ulashish