← Orqaga
searchTV.uz

Tesla’dan uchar mashina taqdimoti: Roadster sport qanday model?

Amerikaning Tesla kompaniyasi qariyb to'qqiz yillik kechikishdan so'ng ikkinchi avlod Roadster elektr sport avtomobilini rasman namoyish etdi. Mazkur taqdimot 15-oktabr kuni Texas shtatidagi SpaceX raketa sinov maydonida bo'lib o'tdi. Tadbir odatiy avtomobil namoyishidan ko'ra ko'proq kaskadyorlik shousini eslatdi. Oq rangdagi ikki o'rinli avtomobil katta egri rampaga ko'tarilib, kuzov ostidagi so'ruvchi ventilyatorlar yordamida unga yopishgancha butunlay teskari holatga keldi. Shundan so'ng o'rnatilgan sovuq gazli trasterlar yordamida avtomobil rampadan uzilib, havoda aylandi va yerga muvaffaqiyatli qo'ndi. Keyingi namoyishda esa u bir qator Tesla avtomobillari va Semi yuk mashinasi ustidan sakrab o'tdi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan namoyishlar vaqtida mashina haydovchisiz, avtonom rejimda harakatlandi. Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask taqdimot davomida kelajakda uchar mashinalar ham borligini ta'kidlab o'tdi. Kompaniya ma'lumotiga ko'ra, Roadster uch xil ko'rinishda bozorga chiqariladi. Ikki o'rinli asosiy Performance versiyasi faol aerodinamika va so'ruvchi tizimga ega bo'lib, soatiga 97 kilometr tezlikka 1,6 soniyadan kam vaqtda chiqadi. Orqa trasterlar qo'shilgan Thrust versiyasida esa bu ko'rsatkich 0,9 soniyagacha qisqaradi. Shuningdek, bir o'rinli Rocket versiyasi qo'shimcha trasterlar yordamida yerdan ko'tarila olish imkoniyatiga ega ekanligi ma'lum qilindi. Barcha versiyalar uchun 480 kilometrdan ortiq yurish masofasi va soatiga 370 kilometrdan yuqori tezlik va'da qilinmoqda. Taqdimot tadbirida esa avtomobil 0,81 soniyada soatiga 97 kilometr tezlikka chiqqani amalda ko'rsatildi.
Ulashish