← Orqaga
searchTV.uz

Suv tarmoqlarida raqamli nazorat: nosozliklarni oldindan aniqlash imkoniyati

Suv ta'minoti tizimida samaradorlik faqat yangi quvurlar yotqizish yoki inshootlar barpo etish bilan belgilanmaydi. Mavjud infratuzilmani oqilona boshqarish, tarmoqlardagi nosozliklarni o'z vaqtida aniqlash, suv yo'qotishlarining oldini olish ham bu borada muhim ahamiyatga ega. Bugun dunyoda suv xo'jaligini raqamli texnologiyalar asosida boshqarishga e'tibor kuchayayotgani ham bejiz emas. Bu borada xalqaro tajribani o'rganish va ilg'or yechimlarni mahalliy amaliyotga tatbiq etish maqsadida O'zsuvta'minot aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari Hindistonning Bangalor shahrida o'tkazilgan o'quv-amaliy seminarda ishtirok etdi. Amerikaning Nobel Systems kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda suv ta'minoti tizimini raqamli boshqarish, suv yo'qotishlarini kamaytirish, quvur tarmoqlaridagi nosozliklarni erta aniqlash hamda avariya xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalar o'rganildi. Seminar doirasida Hindiston tajribasi, sun'iy intellekt imkoniyatlari va ulardan suv ta'minoti sohasida foydalanish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Xususan, raqamli boshqaruv vositalari orqali suv tarmoqlari holatini muntazam kuzatib borish, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolarni oldindan aniqlash va ularga tezkor munosabat bildirish imkoniyatlari muhokama qilindi. E'tiborlisi, bu yo'nalishdagi hamkorlik nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmayapti. Jumladan, Jizzax suv ta'minoti aksiyadorlik jamiyati Nobel Systems bilan birgalikda GIS va Work Order tizimlari, shuningdek, GeoViewer dasturi orqali suv tarmoqlarini kuzatish, suv sizib chiqishi holatlarini aniqlash hamda avariya-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini raqamlashtirish ustida ish olib bormoqda. Mazkur hamkorlikning amaliy bosqichi sifatida bir oy avval kompaniya vakillari Jizzax viloyatiga tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida Jizzax shahridagi markaziy ichimlik suvi quvurlariga suv bosimini o'lchash va ehtimoliy avariya holatlarini erta aniqlashga mo'ljallangan maxsus uskunalar sinov tariqasida o'rnatildi. Ayni paytda ushbu qurilmalar bilan bog'liq sinov ishlari davom etmoqda. Bu kabi texnologiyalarning ahamiyati shundaki, ular suv ta'minoti tarmoqlaridagi holatni aniq ma'lumotlar asosida baholash, nosozliklarni tezkor aniqlash va ta'mirlash ishlarini maqsadli tashkil etishga yordam beradi.
Ulashish