Texnologiya
Turkiya samolyotlar va dengiz dronlari uchun ulkan aviatashuvchi qurmoqda
Turkiyada qurilayotgan 60 ming tonnali MUGEM aviatashuvchisi samolyotlar bilan birga uchuvchisiz uchish apparatlari, ekipajsiz katerlar va suvosti dronlarini ham olib yurishi rejalashtirilgan. Mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari qo'mondoni Erjument Tatliöğlining ta'kidlashicha, u uch turdagi uchuvchisiz va ekipajsiz tizimlarni birlashtirgan dunyodagi ilk aviatashuvchi bo'ladi.
MUGEM qurilishi 2025-yil yanvardan Istanbul harbiy-dengiz kemasozlik zavodida olib borilmoqda. Uni suvga tushirish dastlabki rejaga ko'ra, 2027-yil sentabrga mo'ljallangan. Flotga topshirish yoki safga kiritish esa 2032-yilda kutilmoqda.
MUGEM qisqartmasi turkcha Milli Uçak Gemisi - milliy aviatashuvchi nomidan olingan. Kema mustaqil loyiha asosida yaratilmoqda va mavjud TCG Anadolu universal desant kemasining o'zgartirilgan varianti hisoblanmaydi.
Loyihaga ko'ra, aviatashuvchining uzunligi 285 metr, eni 72 metr, suvga botish chuqurligi esa 10,1 metr bo'ladi. To'liq suv sig'imi taxminan 60 ming tonnani tashkil etadi - bu TCG Anadolu ko'rsatkichidan qariyb 2,2 baravar katta.
Kemaning maksimal tezligi soatiga 48 kilometrdan oshishi, suzish masofasi esa 18 500 kilometrga yetishi ko'zda tutilgan. Bortda asosiy ekipaj, uchuvchilar, texnik mutaxassislar va xizmat ko'rsatuvchi xodimlarni qo'shib hisoblaganda, 2500 kishigacha joylashishi mumkin.
Aviatashuvchi 50 dan ortiq turli uchish apparatini olib yurishi mumkin. Uning aviaguruhi asosini Turkiyaning Hürjet o'quv-jangovar samolyoti tashkil etishi ehtimol qilinmoqda. Hozir ushbu samolyotning palubaga mos versiyasi ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, Kızılelma reaktiv hujumkor droni, Anka-3 uchuvchisiz apparati va Bayraktar TB3 dronidan foydalanish rejalashtirilgan. Turkiya Kaan qiruvchisining aviadan uchib, palubaga qo'na oladigan variantini ham ishlab chiqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan.
Kemaning energetik qurilmasi har biri taxminan 23 megavatt quvvatga ega to'rtta GE LM2500 gaz turbinasidan iborat bo'lishi ko'zda tutilgan. Past tezlikda energiya sarfini samarali boshqarish uchun elektr yuritma elementlari ham nazarda tutilmoqda.
Ulashish