Texnologiya
Uchuvchi o'rniga suniy intellekt: Hindiston uchuvchisiz jangovar aviatsiya poygasiga qo'shildi
Hindistonning Flying Wedge Defence & Aerospace kompaniyasi suniy intellekt boshqaruviga mo'ljallangan FWD Supreme jangovar samolyotining to'liq o'lchamli yerdagi prototipini namoyish etdi. Ishlab chiqaruvchi mazkur ishlanmani mamlakatdagi shu turdagi birinchi mahsulot sifatida taqdim qilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu qadam Hindistonning harbiy texnologiyalar sohasidagi salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
The Times of India nashrining xabar berishicha, yangi apparat mustaqil ravishda parvoz qilish, optimal yo'nalishni belgilash hamda murakkab taktik manyovrlarni bajarish imkoniyatiga ega. Kompaniya mazkur uchuvchisiz ucish apparatidan kelgusida razvedka qilish, kuzatuv olib borish, nishonlarga zarba berish hamda boshqa harbiy samolyotlar bilan birgalikdagi qo'shma operatsiyalarda foydalanishni rejalashtirmoqda.
Texnik xususiyatlarga ko'ra, FWD Supreme Heavy taxminan bir tonna vaznli uchish apparatlari toifasiga kiritilgan. Ishlab chiqaruvchi e'lon qilgan ko'rsatkichlarga asosan, uning kreyserlik tezligi soatiga 500-600 kilometrni tashkil etadi. Shuningdek, apparatning uzluksiz parvoz davomiyligi ikki soatga teng bo'lib, uning foydali yuk ko'tarish quvvati qariyb 350 kilogrammni tashkil qilishi kutilmoqda.
Kompaniya taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, samolyotning parvoz masofasi 1500 kilometrdan ortiqni tashkil etishi mo'ljallangan. Biroq, ta'kidlash joizki, mazkur raqamlar hozircha faqat ishlab chiqaruvchining rasmiy bayonotlariga asoslangan bo'lib, mustaqil manbalar tomonidan to'liq tasdiqlanmagan.
Ayni paytda o'tkazilgan taqdimotda faqat yerdagi prototip namoyish etildi va hozircha amaldagi parvoz sinovlari natijalari jamoatchilikka taqdim etilmadi. Shunga qaramay, FWDA vakillarining ma'lum qilishicha, ushbu platforma to'liq Hindistonning o'zida ishlab chiqilgan va mamlakat hududida tayyorlanadi.
Loyiha mualliflarining asosiy maqsadi o'z texnologiyalari, ilg'or suniy intellekt tizimlari hamda ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirish orqali zamonaviy jangovar aviatsiyani sezilarli darajada arzonlashtirishdan iborat. Bu esa Hindistonning mudofaa sanoatida o'zini o'zi ta'minlash darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Ulashish