← Orqaga
searchTV.uz

Osiyo taraqqiyot banki vakillari Qoraqalpogistonda: media-missiya boshlandi

Joriy yilning 14-16 oktyabr kunlari Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasida Osiyo taraqqiyot banki kunlari media-missiyasi o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbir mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 4 may kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishidagi nutqida 2030 yilga qadar barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish, daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish hamda kambag‘allikka to‘liq barham berish maqsad qilinganini qayd etgan edi. Davlatimiz rahbari amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etdi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, OTB bilan amalga oshirilgan va joriy qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun alohida qabul qilingan 10-sonli farmonida Osiyo taraqqiyot banki bilan iqtisodiy o‘sish yo‘lagi munosabati asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha memorandumni imzolash vazifasi belgilangan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etilgan media-missiya doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi Amanbay Orinbaev bank vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Prezidentimiz rahbarligida hududda xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalarning ahamiyati xususida so'z yuritildi. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida yurtimizni Evropa bilan bog'lovchi A-380 xalqaro avtomobil yo'lining 240 kilometr qismi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgani ta’kidlandi. Tomonlar yaqin sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Shuningdek, mazkur mavzuidagi uchrashuv Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida ham bo‘lib o‘tdi. Unda aholi farovonligini ta’minlash va infratuzilma muammolariga yechim topishda xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rni muhimligi qayd etildi. Media-missiya doirasidagi tadbirlar Qoraqalpog‘istonda o‘z ishini davom ettirmoqda. Bu kabi muloqotlar hududiy loyihalarning shaffofligini ta’minlash va keng jamoatchilikni xabardor qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ulashish