Iqtisodiyot
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi oziq-ovqat savdosidagi tosiqlarni kamaytirish boyicha kelishuvga yaqinlashdi
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash doirasida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, sanitariya va fitosanitariya standartlarini YeI talablariga muvofiqlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Birlashgan Qirollik bosh vaziri Endi Bernxem ma'lum qildi. Sky News telekanali xabar berishicha, London va Bryussel oziq-ovqat hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosida bürokratik tosiqlarni qisqartirishga qaratilgan kelishuv loyihasi shartlari boʻyicha kelishib olgan. Bosh vazirning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalarini yaqinlashtirish mamlakat yalpi ichki mahsulotining qoʻshimcha 0,4 foizga oʻsishiga xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, yangi kelishuv Britaniya korxonalari uchun maʼmuriy xarajatlarni kamaytirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Kelishuv loyihasiga muvofiq, oziq-ovqat, oʻsimlik va boshqa mahsulotlar savdosida amaldagi sertifikatlash tartiblari hamda tekshiruvlarning aksariyati bekor qilinishi koʻzda tutilmoqda. Bu fermerlar, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishi mumkin. Britaniya hukumati hisob-kitoblariga koʻra, kelishuv mamlakat iqtisodiyotiga yiliga 5,1 milliard funt sterlinggacha iqtisodiy foyda keltirishi kutilmoqda. Taʼkidlanishicha, muzokaralar yakuniy bosqichda. Tomonlar kelishuvni 20 noyabr kuni Bryusselda oʻtkaziladigan Buyuk Britaniya – Yevropa Ittifoqi sammitiga qadar yakunlashni maqsad qilgan. Eslatib oʻtamiz, Buyuk Britaniya 2020 yil 31 yanvarda Yevropa Ittifoqidan rasman chiqqan. Yangi kelishuv Brexit jarayonidan keyin ikki tomonlama savdo munosabatlarini soddalashtirish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlishi kutilmoqda.
Ulashish