← Orqaga
searchTV.uz

Ilon Mask Starshield boyicha yakuniy qaror AQSH prezidentiga bog‘liqligini bildirdi

Ilon Mask Ukraina foydalanayotgan Starshield sun'iy yo'ldosh tizimida tezlik va foydalanish cheklovlarini SpaceX emas, AQSH harbiylari belgilashini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, mazkur tizim bo'yicha yakuniy qaror AQSH prezidenti vakolatiga kiradi. Ushbu bayonot Ukraina dronlarining sun'iy yo'ldosh aloqasida uzilishlar kuzatilgani haqidagi xabarlar fonida e'lon qilindi. DW xabariga ko'ra, Mask 14-oktabr kuni Starshield tizimlari AQSH hukumatiga tegishli va uning nazorati ostida ekanini ta'kidlagan. Shu bilan birga, u Starlink SpaceX ning tijorat xizmati ekanini, undan fuqarolik yoki mudofaa vazifalarida foydalanish mumkinligini, biroq hujumkor harbiy operatsiyalar uchun mo'ljallanmaganini bildirgan. Maskning bayonoti Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorovning dronlar va Starlink tarmog'i o'rtasidagi aloqa bosqichma-bosqich tiklanayotgani haqidagi izohiga javob tariqasida yangradi. Bungacha Ukraina harbiylari va rasmiylari SpaceX frontda ishlatilayotgan Starlink terminallari faoliyatini ogohlantirmasdan cheklaganini ma'lum qilgan edi. Fedorovning sobiq maslahatchisi Sergey Sternenkoning ma'lum qilishicha, 14-oktabrga o'tar kechasi dron tezligi soatiga 60-70 kilometrga yetganda Starlink interneti ishlashdan to'xtagan. Avval bu chegara soatiga 160 kilometr bo'lgan. Mutaxassisning so'zlariga ko'ra, cheklovlar birinchi navbatda harbiy maqsadlarga mo'ljallangan Starshield tarmog'iga taalluqli bo'lgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya dronlarini, jumladan, reaktiv uchish apparatlarini urib tushiruvchi tutuvchi dronlarning muvaffaqiyatli ishlashi ko'p jihatdan Starlink aloqasiga bog'liqligini bir necha bor ta'kidlagan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko'lamli bosqini boshlanganidan buyon ushbu sun'iy yo'ldosh interneti Ukraina armiyasining frontdagi asosiy aloqa va boshqaruv vositalaridan biriga aylangan. Starshield faoliyatidagi cheklovlar Kiyev va AQSH ma'muriyati o'rtasidagi munosabatlarda taranglik kuzatilayotgan davrga to'g'ri keldi. Avvalroq Donald Tramp Ukraina Oq uyning so'rovlariga qaramay, Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishda davom etayotganini tanqid qilgan edi. Shuningdek, u Ukrainada yangi prezidentlik saylovlari o'tkazish zarurligini ham tilga olgan.
Ulashish