Texnologiya
AQShda gipertovushli raketalarni ham urishga moljallangan yangi raketalar taqdim etildi
AQShning Anduril kompaniyasi havo va raketa hujumidan mudofaa vazifalari uchun mo'ljallangan Steelfin tutuvchi raketalar oilasini rasman taqdim etdi. Kompaniya mazkur yangi ishlanmani turli havo tahdidlariga qarshi moslashtirish hamda nisbatan kam xarajat bilan katta hajmda ishlab chiqarishni o'z oldiga asosiy maqsad qilib qo'ygan. Hozircha raketalarning aniq narxi va batafsil texnik ko'rsatkichlari ochiqlanmagan.
Naked Science nashri The War Zone manbalariga tayanib xabar berishicha, Steelfin raketalari yagona arxitektura va umumiy ishlab chiqarish jarayoni asosida yaratilmoqda. Bu yondashuv har bir alohida vazifa uchun butunlay yangi raketa ishlab chiqish zaruratini yo'qotib, mavjud konstruksiyani kerakli talablarga tezda moslashtirish imkonini berishi kutilmoqda.
Taqdimot AQSh qurolli kuchlari arzon dronlardan tortib qanotli, ballistik va gipertovushli raketalargacha bo'lgan zamonaviy havo tahdidlariga qarshi mudofaa vositalari zaxirasini sezilarli darajada ko'paytirishga intilayotgan muhim bir davrga to'g'ri keldi.
Steelfin raketalar oilasi yagona ikki bosqichli sxemaga asoslangan holda loyihalashtirilgan. Uning birinchi bosqichi raketani kerakli tezlikka chiqaruvchi tezlashtiruvchi blokdan iborat bo'lsa, ikkinchi bosqich bevosita nishonni yo'q qilishga mo'ljallangan tutuvchi qismni o'z ichiga oladi.
Turli modifikatsiyalarda korpusning asosiy konstruksiyalari, bort elektronikasi, dasturiy ta'minot, parvozni boshqarish tizimi va ulanish interfeyslaridan umumiy foydalanish rejalashtirilgan. Tezlashtiruvchi bloklar va ikkinchi bosqich qismlarini o'zaro almashtirish orqali raketa muayyan jangovar vazifaga moslashtiriladi.
Anduril kompaniyasining ma'lum qilishicha, ushbu oila tarkibida nishonni to'g'ridan-to'g'ri urilish orqali yo'q qiladigan tutuvchilar ham, parchalanuvchi-fugas jangovar qismga ega variantlar ham mavjud bo'ladi. Kompaniya Steelfin orqali alohida muhim obyektlarni himoya qilishdan tortib, pastki eshelondagi havo va raketa mudofaasi hamda yuqori eshelonda ballistik raketalarni tutib qolishgacha bo'lgan keng ko'lamli vazifalarni qamrab olishni rejalashtirmoqda.
Mo'ljallangan nishonlar qatoriga qanotli va gipertovushli raketalar ham kiritilgan, biroq qaysi modifikatsiya aynan qaysi tahdidga qarshi ishlatilishi hozircha aniqlashtirilmagan. Shuningdek, raketalarning tutib qolish masofasi, qo'llash balandligi va boshqa muhim ko'rsatkichlari haqida ham ma'lumot berilmagan.
Anduril kompaniyasi Steelfin loyihasi ustida bir necha yildan buyon bir nechta buyurtmachining moliyaviy ishtirokida ish olib borayotganini ma'lum qildi. Hozirgi kunga qadar dasturga xos maketlar va taqlidiy apparatlar yordamida dastlabki ballistik sinovlar o'tkazilgan bo'lib, raketaning turli variantlari bo'yicha to'laqonli parvoz sinovlari 2027-yilga rejalashtirilgan.
Ulashish