Madaniyat
Namangan viloyati qo'g'irchoq teatri o'zining uchinchi mavsumini boshladi
Etirof etish joizki, qo'g'irchoq teatri bugungi kunda Namangan viloyati madaniy hayotida o'z o'rniga ega bo'lib bormoqda. Mazkur dargoh qisqa davr ichida ijodiy jamoasini shakllantirib, bolalar uchun mazmunli va tarbiyaviy ahamiyatga ega spektakllar yaratishga erishdi.
Yurtimizdagi kenja madaniy maskanlaridan biri hisoblangan Namangan viloyati qo'g'irchoq teatrining navbatdagi uchinchi mavsumi ezgu maqsadlar, katta rejalar va yangi ijodiy izlanishlar bilan boshlandi. Yosh tomoshabinlar e'tiboriga tib ilmining asoschisi Abu Ali ibn Sino hayoti haqida hikoya qilguvchi spektakl namoyish etildi.
Mavsum ochilishi doirasida tantanali tadbir tashkil etilib, unda teatr ijodiy faoliyati haqida hisobot berildi, jamoaning kelgusi rejalari bilan o'rtoqlashildi. Teatrning shakllanishi va jamoaning bir maqsad atrofida birlashishida tajribali, izlanuvchan va tashabbuskor rahbar, Ozoda Usmanovaning mehnati va sa'y-harakatlari alohida o'rin tutadi.
Teatr repertuaridan o'rin olgan spektakllar mavzusi va mazmun-mohiyati bilan bir-biridan tubdan farq qiladi. 'Alisherbek va Husayn', 'Zumrad va Qimmat', 'Ona tabiat va janob Metall', 'Virtual dushman', 'Tipratikan va Quyoneyning sarguzashtlari', 'Gul va Bulbul', 'Karvonsoy', 'Badjahl Quyoncha', 'Oltin jo'ja', 'O'rmon qirolligi', 'Ibn Sino', 'G'oz jo'jasi' kabi spektakllar kichkintoylarga havola etib kelinmoqda.
Yosh jamoa o'z faoliyatini faqat viloyat doirasi bilan cheklamay, mamlakatimiz teatrlari o'rtasidagi ijodiy aloqalarni mustahkamlamoqda. Xususan, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Andijon va Farg'ona viloyatlariga ijodiy safarlar uyushtirildi. Teatr xalqaro hamkorlik masalalariga ham e'tibor qaratmoqda.
O'zbek qo'g'irchoq teatri san'atini xorijda keng targ'ib qilish, chet davlatlar bilan madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda ijodiy tajriba almashish maqsadida Qirg'iz Respublikasi, Tojikiston va Qozog'iston davlatlari qo'g'irchoq teatrlari bilan memorandumlar imzolandi. O'zaro kelishuvlar doirasida spektakllar bilan gastrol safarlari ham tashkil etildi.
Ayni paytda esa teatr ijodkorlari yana bir muhim loyiha ustida ish olib bormoqda. Yaqin vaqt ichida Turkiyadan rejissyor taklif etilib, zamonaviy janrda yangi spektakl sahnalashtirish bo'yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Ulashish