← Orqaga
searchTV.uz

Namanganda ekologik talablarni buzgan sovun tsexi faoliyati vaqtincha to'xtatildi

Mamlakatimizda tadbirkorlarga o'z faoliyatini erkin va qulay sharoitlarda amalga oshirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Biroq, har qanday biznes subyekti o'z ishlab chiqarish jarayonlarini atrof-muhitga va aholiga zarar yetkazmagan holda tashkil etishi talab etiladi. So'nggi paytlarda Namangan shahridagi Davlatobod tumanining Porloq mahallasida yashovchi fuqarolar hududdagi so'ngi vaqtda faoliyat yuritayotgan sovun tsexidan tarqalayotgan yoqimsiz hid va badbo'y hidlardan qattiq norozilik bildirib murojaat qilishgan edi. Ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati Ekologiya va iqlim o'zgarishi bosh boshqarmasi – Ekopolitsiya tomonidan maxsus reyd-nazorat tadbiri tashkil etildi. Tekshiruv jarayonida xo'jalik sovuni ishlab chiqaruvchi "Hao sanoat" xususiy korxonasi faoliyatida qator kamchiliklar borligi aniqlandi. Xususan, korxonaning tabiatga va atmosfera havosiga zararli tashlamalar chiqarayotgani ma'lum bo'ldi. O'tkazilgan laboratoriya tahlillari natijalariga ko'ra, kimyoviy ko'rsatkichlar belgilangan me'yordan sezilarli darajada yuqori ekanligi qayd etildi. Shuningdek, korxonada ekologik ekspertiza talablariga oid ijobiy xulosa mavjud emasligi hamda zamonaviy chang-gaz tutuvchi filtr uskunasi o'rnatilmagani aniqlandi. Aniqlangan qoidabuzarliklar va ekologiyaga yetkazilayotgan salbiy ta'sirning oldini olish maqsadida, mazkur ishlab chiqarish obyekti vaqtincha muhrlandi va uning faoliyati to'xtatildi.
Ulashish