Jamiyat
Yoshlar xavfsizligi: Sayxunobodda huquqbuzarliklar va xavflarning oldini olishga bagishlangan tadbir o'tkazildi
Inson hayoti, salomatligi va kelajagiga jiddiy tahdid soluvchi xavflar qatoriga giyohvandlik, huquqbuzarliklar, odam savdosi hamda is gazidan zaharlanish kiradi. Ushbu salbiy holatlarning oldini olish masalasi bugungi kunda jamiyatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida huquqiy madaniyatni oshirish hamda xavfsizlik qoidalariga amal qilish ko'nikmalarini shakllantirish talab etiladi.
Shu maqsadda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yoshlar xavfsizligi va huquqbuzarliklarning oldini olishga bag'ishlangan maxsus targ'ibot tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, ishtirokchilarga zarur tushuntirishlar berildi. Uchrashuvda tuman hokimi o'rinbosari Shuhrat Baratov, tuman Favqulodda vaziyatlar bo'limi vakili hamda Din ishlari bo'yicha qo'mitaning tumandagi masʼul xodimi ishtirok etdi.
Muloqot davomida giyohvandlik vositalarining inson salomatligi, shuningdek, oila va jamiyat barqarorligiga ko'rsatadigan salbiy ta'siri haqida batafsil ma'lumot berildi. Mutaxassislar yoshlarning turli jinoyat hamda huquqbuzarliklarga aralashib qolishining oldini olish, odam savdosi bilan bog'liq xavf-xatarlardan o'zini himoya qilish yo'llari xususida to'xtalib o'tdilar.
Tadbirda ishtirokchilarga ijtimoiy tarmoqlardagi va hayotdagi shubhali takliflarga aldanmaslik, o'z huquqlarini chuqur bilish hamda favqulodda xavfli vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qilish muhimligi uqtirildi. Shuningdek, kuz-qish mavsumining boshlanishi bilan is gazidan zaharlanish xavfi ortishi sababli, aholiga gaz va isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari atroflicha tushuntirildi.
Xususan, uylardagi mo'rilar va shamollatish tizimlarining sozligini doimiy ravishda tekshirib turish, xonalarda yetarli havo almashinuvini ta'minlash hamda nosoz isitish uskunalaridan foydalanmaslik inson hayotini asrab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Tadbir davomida so'z olgan tuman hokimi o'rinbosari Shuhrat Baratov yoshlarning ma'naviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirish, ularning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e'tibor qaratdi. Shuningdek, o'sib kelayotgan avlodni turli salbiy ta'sirlardan himoya qilishda oila, mahalla, ta'lim muassasalari va mutasaddi tashkilotlarning o'zaro hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligi ta'kidlandi.
Tadbir yakunida profilaktik ishlarni tizimli va uzluksiz davom ettirish, yoshlar bilan manzilli muloqotlarni kengaytirish hamda jamiyatda mavjud xavf-xatarlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhimligi e'tirof etildi. Mutasaddilarning ta'kidlashicha, har bir yoshning xavfsiz va farovon kelajagi, eng avvalo, ularning o'zining hushyorligi, mas'uliyati va jamiyatdagi hamjihatlikka asoslanadi.
Ulashish