Jamiyat
Huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining moliyaviy ko‘magida muhim loyiha amalga oshirilmoqda. "Orolbo‘yi hududida inklyuziv huquqiy madaniyatni yuksaltirish" deb nomlangan grant loyihasi doirasida aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad inklyuziv huquqiy madaniyatni shakllantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning ota-onalarining huquqiy savodxonligini oshirishdan iboratdir. Shuningdek, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Mutaxassislar tomonidan Nukus shahri, Mo‘g‘noq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak, Chimboy, Xo‘jayli, Amudaryo va Nukus tumanlarida keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etildi. Seminar-treninglarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar va yoshlar ishtirok etmoqda.
Tadbirlar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari haqida batafsil ma'lumot berilmoqda. Xususan, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning har oylik daromadining belgilangan qismi daromad solig‘idan ozod etilishi tushuntirilmoqda.
Shuningdek, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. "Yoshlar daftari"ga kiritilgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga ajratiladigan ijtimoiy yordamlar, ta'lim va davolanish xarajatlarini qoplash tartiblari keng yoritilmoqda.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta'minlash va ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish mexanizmlari tushuntirilmoqda. Tadbirkorlik sub'ektlariga subsidiyalar ajratish va elektron reestrlardan foydalanish tartiblari amaliyotda ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Uyushma raisi Jabbar Narbaevning ta'kidlashicha, bunday tadbirlar fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish bilan bir qatorda, ularning o‘z huquqlarini mustaqil himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Seminarlar aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishda yaqindan ko‘mak bermoqda.
Ulashish