Jamiyat
Bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi
Bolalar manfaatlari va ularning huquqlari ta'minlanishi O'zbekiston davlat siyosatida muhim o'rin tutadi. Biroq hayotda bolalarga zarar yetkazadigan, ozor beradigan holatlar uchrab turishi sababli bolalarni, ayniqsa zo'ravonlikdan jabrlangan bolalarni himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi. Shu maqsadda qabul qilingan qonun bilan tegishli qonun hujjatlariga bolalarga nisbatan zo'ravonlik, jumladan jinsiy zo'ravonlik va bolaning o'limiga sabab bo'lgan jinoyiy qilmishlar uchun jazoni kuchaytirish hamda yangi majburlov choralarini belgilash nazarda tutildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Zarina Isroilovaning ta'kidlashicha, 2026 yil 15 oktyabrda kuchga kirgan mazkur qonun 2026-2030 yillarga mo'ljallangan Bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi doirasida qabul qilingan. Bu hujjat jamiyatni qattiq tashvishga solib kelgan bolalarning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish holatlarining oldini olishda o'z vaqtida tashnalangan muhim qadam bo'ldi.
Qonun doirasida Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi, Jinoyat-ijroiya, Mehnat kodekslari hamda bir qator sohaviy qonun hujjatlariga muhim o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Jumladan, 14 yoshga to'lmagan shaxsning nomusiga tegish hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo'rlik ishlatib, g'ayritabiiy usulda qondirganlik uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etildi.
Shuningdek, ushbu toifadagi jinoyatlar bo'yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati o'tib ketganligi qo'llanilmasligi belgilandi. Bolaning o'limiga sabab bo'lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish qat'iyan taqiqlandi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmaganlar uchun qo'shimcha protsessual kafolatlarni belgilashga oid normalar kiritildi. Xususan, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo'ravonlik bilan bog'liq ishlar bo'yicha vasiylik va homiylik organlari vakillarining ishtiroki ta'minlanadi hamda qonuniy vakillarning ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmaganlik, ularni tarbiyalash hamda ta'lim berish jarayonida zo'ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Aniqlangan huquqbuzarliklar haqidagi axborotni taqdim etmaganlik, Bolalar masalalari bo'yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaganlik uchun ham tegishli choralar belgilandi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan qo'shimchalarga ko'ra, bolaga nisbatan zo'ravonlik sodir etgan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning qo'shimcha asoslari belgilandi. Shuningdek, zo'ravonlikdan jabrlangan yoki guvoh bo'lgan bolalar davlat hisobidan yuridik yordam bilan ta'minlanishi qonunan kafolatlandi.
Ushbu qonun ta'lim, sog'liqni saqlash, ijtimoiy himoya va boshqa sohalardagi tashkilotlarning mas'uliyatini keskin oshirdi. U bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Ulashish