← Orqaga
searchTV.uz

Bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish - ustuvor vazifa

Bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni zo'ravonlikning barcha ko'rinishlaridan asrash hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan targ'ibot tadbiri o'tkazildi. Unda "Bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish to'g'risida"gi qonunning ahamiyati tushuntirildi. Unda so'zga chiqqanlar har bir bolaning hayoti, sog'lig'i, sha'ni, qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi hamda erkin kamol topishi davlat va jamiyatning ustuvor vazifalaridan biri ekanligini alohida ta'kidladi. Tadbir davomida mazkur qonunning maqsad va vazifalari, bolalarni zo'ravonlikning jismoniy, ruhiy, jinsiy va boshqa shakllaridan himoya qilishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar haqida ma'lumot berildi. Shuningdek, bolalar huquqlarini ta'minlashda davlat organlari, ta'lim muassasalari, ota-onalar va jamoatchilikning mas'uliyati batafsil tushuntirildi. Tadbirda ta'kidlanganidek, bolalarga nisbatan zo'ravonlik faqat jismoniy jarohat yetkazish bilan cheklanib qolmaydi. Bu holat jamiyat hayotining turli jabhalarida namoyon bo'lishi mumkin. Jumladan, Jinoyat ishlari bo'yicha Navoiy shahar sudi raisi Bahodir Aliqulovning ta'kidlashicha, zo'ravonlik ruhiy tazyiq, haqoratlash, qo'rqitish, e'tiborsiz qoldirish, jinsiy tajovuz, ekspluatatsiya va internet muhitidagi zararli ta'sirlar shaklida ham namoyon bo'lishi mumkin. Bunday salbiy holatlar bolaning kelajagiga jiddiy ta'sir ko'rsatadi. Bunday salbiy holatlar bolaning ruhiy va jismoniy rivojlanishiga, ta'lim olishiga, o'zgalarga ishonchi hamda kelajakda jamiyatda o'z o'rnini topishiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Mutaxassislar tomonidan qayd etilishicha, bolalarni bunday xavflardan himoya qilish uchun kompleks yondashuv talab etiladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda bolalarni, ayniqsa, zo'ravonlikdan jabrlangan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun ham ana shunday muhim huquqiy mexanizmlardan biri hisoblanadi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi. Ushbu targ'ibot tadbirlari mamlakatimiz bo'ylab bolalar huquqlarini ishonchli ta'minlashga xizmat qiladi.
Ulashish