← Orqaga
searchTV.uz

Jahon chempionatida bokschilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda

Chernogoriyaning Budva shahrida 19 yoshgacha bo'lgan charm qo'lqop ustalari o'rtasida o'tkazilayotgan jahon chempionatida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi a'zolari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Musobaqa davomida yosh bokschilarimiz o'zlarining yuqori salohiyati va mahoratini namoyish etib, muxlislarni quvontirmoqda. Chempionatning -55 kg vazn toifasidagi bahslarida qatnashgan Elyor Rustamov o'zining ilk jangini angliyalik Reuben Xucmannaqarshi o'tkazdi. Keskin va murosasiz kechgan uchrashuvda hamyurtimiz raqibini 5:0 hisobida ishonchli tarzda taslim etdi va navbatdagi bosqichga yo'l oldi. Shuningdek, -85 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Sardorbek Bahromxo'jayev livanlik Adam Madaaranini birinchi raundda texnik nokaut bilan mag'lubiyatga uchratdi. Ushbu yorqin g'alaba o'zbekistonlik sportchilarning jismoniy va taktik tayyorgarligi naqadar yuqori ekanini yana bir bor ko'rsatdi. Shu bilan birga, musobaqada ba'zida kutilmagan natijalar ham qayd etilmoqda. Xususan, -50 kg vazn toifasida ringga chiqqan Amirjon Subhonov meksikalik Gael Rivasga qarshi kechgan jangda kutilmaganda imkoniyatni boy berib qo'ydi. Bugun, 19 oktyabr kuni jahon chempionatida O'zbekiston terma jamoasining yana 4 nafar vakili medal uchun kurashni davom ettiradi. Xususan, -54 kg vazn toifasidagi qizlar bahsida Shodiyona Meliqo'ziyeva xitoylik Siryu Yanga qarshi jang qiladi. Shuningdek, -60 kg vazn toifasidagi yigitlar o'rtasida Muhammad Rizo Ukimov Rossiya vakili Umar Ibahiyev bilan kuch sinashadi. Ringga ko'tariladigan boshqa vakillarimiz qatorida -70 kg vazn toifasida Zulfiqor Adhamjonov jazoirlik Muhammad Monsef Benmazuzga qarshi ringga chiqadi. Bundan tashqari, -75 kg vazn toifasida Suhrob Rahmatullayev Qozog'iston vakili Ramazan Amirga qarshi jang olib boradi. Ushbu janglar mamlakatimiz sport ishqibozlarida katta qiziqish uyg'otmoqda. O'zbekiston yoshlar terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtiroki mamlakatimizda sportni, xususan, boksni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar va iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash siyosatining yorqin samarasidir.
Ulashish