Sport
Bahodir Jalolov professional boksdagi g‘alabali seriyasini davom ettirdi
O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov navbatdagi jangini Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida o‘tkazdi. 18-oktabrga o‘tar kechasi tashkil etilgan professional boks oqshomida ikki karra Olimpiada va jahon chempioni britaniyalik Solomon Dakresga qarshi ringga chiqdi.
Jang davomida o‘zbekistonlik bokschi ustunlikni o‘z qo‘lida saqlab turdi. Bahodir Jalolov 5-raundda raqibini kuchli zarba bilan nokdaun holatiga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Sportchining jangdagi faolligi muxlislar va mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Qolgan raundlarda ham tashabbusni boy bermagan hamyurtimiz raqibiga qarshi o‘zining texnik ustunligini ko‘rsatdi. To‘liq 10 raund davom etgan shiddatli jang yakunida hakamlar bir ovozdan Bahodir Jalolovning g‘alabasini qayd etishdi (99-91, 99-90).
Shu tariqa, Big Uzbek laqabi bilan tanilgan Bahodir Jalolovning professional ringdagi g‘alabali seriyasi yana bir g‘alaba bilan boyidi. Uning hisobidagi professional janglar soni 18 taga yetib, ularning barchasida raqiblarini taslim etgan.
Jalolov o‘zining 15 ta g‘alabasini muddatidan oldin, ya’ni raqiblarini nokautga uchratgan holda qo‘lga kiritgan. Ushbu natija uning og‘ir vazn toifasidagi eng xavfli va kuchli bokschilardan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov o‘zining so‘nggi jangini 9-may kuni Manchester shahrida o‘tkazgan edi. O‘sha oqshomda u xorvatiyalik tajribali bokschi Agron Smakichini nokautga uchratib, muxlislarini xursand qilgandi.
Ulashish