← Orqaga
searchTV.uz

Sport vazirligida korporativ sportni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Sport vazirligida mamlakatimizda korporativ sportni tizimli rivojlantirish, korxona va tashkilotlar xodimlarini ommaviy sportga jalb etish hamda Ozbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi faoliyatining istiqbolli yo'nalishlariga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi. Tadbirda korporativ sport klublarini shakllantirish, xodimlar o'rtasida muntazam sport mashg'ulotlari va musobaqalarini tashkil etish, shuningdek, kompaniyalarning sport sohasidagi faolligini baholash va rag'batlantirish mexanizmlari haqida batafsil ma'lumot berildi. Mutaxassislar ishtirokidagi muhokamalar jarayonida kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilgan qator yirik musobaqalar ko'rib chiqildi. Xususan, korporativ futbol va mini-futbol ligasi, Ozbekiston korporativ olimpiadasi hamda 'Tashkent Corporate Padel Open' xalqaro turnirini yuqori saviyada o'tkazish masalalari muhokama markazida bo'ldi. Uchrashuv davomida korporativ sportni boshqarish va muvofiqlashtirish jarayonlarini raqamlashtirish masalalari ham tahlil qilindi. Shuningdek, joriy yilning 24-oktabr kuni Jizzax shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan Ozbekiston korporativ kibersport kubogiga tayyorgarlik holati yuzasidan mutaxassislarning axboroti tinglandi. Ta'kidlanganidek, bugungi kunda assotsiatsiyaning raqamli platformasini yaratish eng muhim vazifalardan biridir. Shu bilan birga, korporativ sport klublari reyestrini yuritish, kompaniyalarning sport reytingini amaliyotga joriy etish va ichki faollikni oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, sohada ixtiyoriy sertifikatsiyalash tizimini shakllantirish hamda o'tkaziladigan musobaqalar natijalarini elektron hisobga olish tizimini yo'lga qo'yish zamon talabi ekani qayd etildi. Bu kabi mexanizmlar ishchi xodimlarning jismoniy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Tadbir yakunida bildirilgan takliflar va belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan mas'ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar yuklandi. Ushbu chora-tadbirlar mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishda muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.
Ulashish