Ta'lim
Suniy intellekt va o'qitishning zamonaviy usullari: Qoraqalpog'istonda xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi
Qoraqalpog'iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida "Sifatli ta'lim: suniy intellekt va o'qitishning zamonaviy usullari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi. Tadbirda mamlakatimizdan, shuningdek, Qozog'iston, AQSh, Rossiya, Filippin hamda Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan olimlar, professor-o'qituvchilar va ta'lim sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Anjumanning asosiy maqsadi ta'lim tizimida suniy intellekt va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga joriy etish hamda pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishdan iborat bo'ldi. Konferensiya doirasida raqamli ta'lim imkoniyatlari, media va axborot savodxonligi, shuningdek, zamonaviy o'qitish metodlari keng muhokama qilindi.
Tadbir davomida ta'lim menejmenti va muassasalarni boshqarish, sifat menejmenti tizimlarini takomillashtirish hamda inklyuziv ta'limni rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Yosh olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini qo'llab-quvvatlash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish muhim yo'nalish sifatida belgilandi.
Konferensiyaning plenar majlisida mahalliy va xorijiy mutaxassislarning ma'ruza va taqdimotlari tinglandi. Shuningdek, beshta alohida sho'ba faoliyat yuritib, ularda aniq va tabiiy fanlar, til va adabiyot hamda boshlang'ich ta'limni o'qitishda zamonaviy pedagogik mahoratni oshirish masalalari ko'rib chiqildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi direktori Gulistan Qozaboyeva bugungi kunda ta'lim sifatini oshirish va xalqaro tajribalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o'tdi. Uning so'zlariga ko'ra, mazkur anjuman mutaxassislar o'rtasida tajriba almashish uchun ulkan maydon yaratadi.
Tadbir doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi va Chimkent universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat pedagog kadrlar salohiyatini oshirish va innovatsion ta'lim metodlarini amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.
Konferensiya ishtirokchilari uchun I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog'iston Respublikasi Davlat san'at muzeyiga madaniy sayohat uyushtirildi. Mehmonlar muzey ekspozitsiyalari va xalqimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi.
Ulashish