Ta'lim
Andijon davlat tibbiyot institutining xalqaro hamkorlik ko'lami kengaymoqda
Keyingi yillarda mamlakatimiz oliy o'quv yurtlarining rivojlangan mamlakatlar oliy o'quv yurtlari bilan hamkorligini yo'lga qo'yish va mustahkamlash masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, Andijon davlat tibbiyot institutida ham bu borada e'tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda institutda qator xorijiy davlatlarning tibbiyot yo'nalishidagi oliy ta'lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlik yo'lga qo'yilgan.
Institutning xalqaro aloqalar bo'yicha prorektori Farruxbek Rasulovning so'zlariga ko'ra, hozirga qadar Italiya, Hindiston, Portugaliya, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Belarus, Polsha, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Qozog'iston, Qirg'iziston kabi 35 dan ortiq davlatlardagi 150 ga yaqin xorijiy tibbiyot universitetlar, institutlar, klinikalar va tibbiyot markazlari bilan hamkorlik o'rnatilgan. Umuman olganda, xorijlik hamkorlar bilan 100 dan ziyod xalqaro shartnoma imzolangan.
Bugungi kunda institutda Hindiston, Pokiston, Janubiy Koreya, Misr, Livan, Marokash, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Nepal, Bangladesh, Eron, Afg'oniston, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi singari davlatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar soni 1 ming 550 nafarga etdi. Ularning asosiy qismi davolash ishi, stomatologiya yo'nalishlarida ingliz tilida saboq olishadi. Xorijdan kelib o'qiyotgan talabalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida institutda talaba vizasi joriy etilgan.
Institutda 1 ming nafarga yaqin professor-o'qituvchining 150 nafari ingliz tilida dars o'ta oladi. Keyingi yillarda institut va uning klinikasida faoliyat yuritayotgan ko'plab yosh mutaxassislar dunyoning rivojlangan mamlakatlariga borib malakasini oshirib qaytmoqda. Malaka oshirib qaytgan mutaxassislar klinikada mustaqil ravishda yuqori texnologik davolash muolajalarini amalga oshirmoqda.
Rossiya Federatsiyasi va Yevropaning nufuzli OTMlari bilan hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda. Xususan, Privoljskiy tibbiyot universiteti bilan klinika ordinaturasi, Dog'iston davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya bo'yicha qo'shma ta'lim dasturi (3+2) yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, Qozon federal universiteti, I.Pavlov nomidagi 1-Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti va boshqa yetakchi markazlar bilan ham aloqalar mustahkam.
Germaniya va Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari bilan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. El-yurt umidi jamg'armasi granti asosida bir qator yoshlar xorijda tahsil olib qaytdi. Masalan, Boburjon Ergashev Germaniyada PhD darajasini olgan bo'lsa, Abduvohid Pazliddinov va boshqalar Buyuk Britaniya hamda AQShda magistraturani tamomladi.
Institutda xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda mahorat darslari va ochiq darslar o'tkazilmoqda. AQSh, Rossiya, Hindiston va boshqa davlatlardan yetakchi professorlar tashrif buyurib, o'z tajribasini bo'lishdi. Joriy yilda xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlar va konferensiyalar muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Ulashish