Ta'lim
Sirdaryoda O'quvchilar kengashining hududiy tarkibi va yo'nalish koordinatorlari saylandi
Sirdaryo viloyatida O'quvchilar kengashining hududiy tarkibi shakllantirilib, muhim bosqich muvaffaqiyatli yakunlandi. Viloyat bosqichida qatnashgan 24 nafar nomzod orasidan 8 nafari ochiq ovoz berish orqali turli yo'nalishlar koordinatori etib saylandi. Mazkur jarayon yoshlarning maktab hayotidagi faolligini oshirish, ularning g'oya va takliflarini ilgari surish hamda tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.
O'tkazilgan saylov natijalariga ko'ra, Bekmuhammad Umurzoqov — Kelajak lideri, Ominaxon To'lqinov — Ekologiya, Sanjar Qo'chqorov — IT, Sardor Jo'rayev — Sport, Charos Alishboyeva — Ta'lim, Feruza Ubaydullayeva — Ijtimoiy tashabbus, Nilufar Alisheva — Madaniyat hamda Xurshidbek Zikriyev — Media yo'nalishlari koordinatori vazifasini bajarishga kirishdi. Ular o'z tengdoshlarining intellektual va ijodiy salohiyatini ro'yobga chiqarishda muhim ko'prik vazifasini o'taydi.
Ushbu natijaga erishilgunga qadar viloyatning barcha tuman va shaharlarida keng ko'lamli saralash jarayonlari tashkil etildi. Unda 5-11-sinflarda tahsil olayotgan 91 ming nafardan ortiq o'quvchi ishtirok etib, o'z salohiyatini sinovdan o'tkazdi. Dastlabki bosqichlar saratoni natijasida 88 nafar o'quvchi viloyat bosqichida qatnashish uchun tavsiya etilib, ulardan saralangan 24 nafar nomzod yakuniy bosqichda o'zaro bellashdi.
Viloyat bosqichiga Sirdaryo viloyati Kelajak markazi direktori Avaz Mamatov raislik qildi. Shuningdek, tadbirda Respublika Kelajak markazi xodimi Sardor Mamatqulov, tuman va shahar markazlari rahbarlari hamda mas'ul xodimlar ishtirok etishdi. Yig'ilishda Kengashning asosiy maqsad va vazifalari, shuningdek, o'quvchilarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.
Ovoz berish jarayoni to'liq ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirildi. Bunda nomzodlarning bilimi, mustaqil fikrlashi, tashabbuskorligi, jamoada ishlash qobiliyati hamda yetakchilik ko'nikmalariga alohida e'tibor qaratildi. Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, har bir o'quvchi nafaqat bilim oluvchi, balki ta'lim muassasasidagi ijobiy o'zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanishi zarur.
Sirdaryo viloyati Kelajak markazi direktori Avaz Mamatovning so'zlariga ko'ra, saylangan koordinatorlar o'z yo'nalishlari bo'yicha tengdoshlarining g'oyalarini birlashtiradi, loyihalar va tanlovlarni tashkil etadi. Bu esa yoshlarning o'z salohiyatini to'laqonli namoyon etishi hamda maktab hayotidagi tashabbuslarni amaliy natijaga aylantirishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Tasdiqlangan nizomga muvofiq, O'quvchilar kengashi ta'lim, madaniyat, axborot texnologiyalari va sun'iy intellekt, sport, ekologiya, media hamda ijtimoiy tashabbuslar yo'nalishlarida faoliyat olib boradi. Bu orqali o'quvchilarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini oshirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib etish va milliy qadriyatlarga hurmat ruhini mustahkamlash ko'zda tutilgan.
Shu bilan birga, Kengash o'quvchilar va maktab ma'muriyati o'rtasida ochiq muloqotni yo'lga qo'yishda muhim ko'prik bo'ladi. Yoshlarni o'ylantirayotgan masalalarni aniqlash va ularga amaliy yechimlar ishlab chiqish ishlarida markazlar yaqindan yordam beradi. Endilikda barcha sa'y-harakatlar o'quvchilarning jamiyat hayatidagi ishtirokini yanada kengaytirishga qaratiladi.
Ulashish