← Orqaga
searchTV.uz

Energetika tarmogidagi investorlar kengashi yigilishi qanday maqsadga yo'naltirilgan?

Iqtisodiy barqarorlik va xalq farovonligi, avvalo, ishonchli hamda uzluksiz energiya ta'minotiga tayanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg'i-energetika tarmog'idagi islohotlarni jadallashtirish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yuzasidan sarmoyadorlar bilan ochiq muloqot o'tkazdi. Tadbirda 200 dan ziyod xorijiy yoqilg'i-energetika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. O'zbekiston Respublikasi energetika vaziri Sherzod Xo'jaev sohadagi samarali loyihalar, sarmoyadorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Uning so'zlariga ko'ra, yoqilg'i-energetika tarmog'idagi investorlar kengashining yig'ilishidan ko'zlangan asosiy maqsad, davlat va sarmoyadorlar o'rtasida ochiq hamda natijaga yo'naltirilgan muloqotni shakllantirishdan iboratdir. Ta'kidlanishicha, ushbu platforma investorlarni qiynayotgan muammolarga tezkor yechim topish, amaldagi loyihalarni jadallashtirishning standart mexanizmlarini ishlab chiqish va yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiladi. Uchrashuv doirasida muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, tadbir davomida 4 milliard 720 million dollarlik bitimlar imzolandi. Tez kunda ushbu loyihalarning qurilishiga start berilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yig'ilishda Prezident tomonidan yaqinda imzolangan farmonning mazmun-mohiyatiga alohida to'xtatib o'tildi. Mazkur hujjat yoqilg'i-energetika kompleksida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning yangi tartibini belgilab beradi. Imzolangan yangi farmon investorlar uchun qo'shimcha qulaylik va yengilliklar yaratadi. Shuningdek, sarmoyadorlardan qonunchilikni yanada takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha takliflar kelib tushsa, kelgusi faoliyat ushbu tavsiyalar asosida tashkil etilishi qayd etildi.
Ulashish