← Orqaga
searchTV.uz

Oz pulini kartaga kiritish nega pulli? Markaziy bankda komissiyalar masalasi ko'tarildi

O'zbekistonda bank kartalariga naqd pul kiritish vaqtida undiriladigan komissiya to'lovlari yana bir bor jamoatchilik muhokamasiga sabab bo'ldi. 15-oktabr kuni Markaziy bankda o'tkazilgan Moliyaviy xizmatlarda komissiyalar: xarajatlar, raqobat va iste'molchi manfaatlari mavzusidagi davra suhbatida ushbu dolzarb masala atroflicha muhokama qilindi. Unda tijorat banklari, to'lov tizimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, bank xizmatlari xarajatlari hamda iste'molchilar zimmasiga tushayotgan yukni ko'rib chiqdilar. Uchrashuv davomida iqtisodchi Otabek Bakirov banklar mijozlar mablag'larini jalb qilishdan manfaatdor ekanini ta'kidlab o'tdi. U o'zi foydalanadigan xorijiy banklarni misol qilib keltirdi. Bakirovning so'zlariga ko'ra, u Gruziya va Qozog'istondagi banklar mijozigina bo'lib, o'z hisobiga pul kiritish yoki undan mablag' chiqarish uchun hech qanday komissiya to'lamaydi. Chunki xorijiy moliya muassasalari resurslarni jamlash va mijozlar ishonchini qozonishga intiladi. Shuningdek, tadbirda jurnalistlar ham banklar o'z xarajatlarini oqlashga urinayotgan bir paytda oddiy fuqarolarning manfaatlari ham e'tiborga olinishi kerakligini ta'kidladilar. Xususan, oylik maoshini kartada oladigan fuqarolar mablag'larini naqdlashtirish yoki boshqa kartaga o'tkazishda qo'shimcha xarajatlarga duch kelayotgani qayd etildi. Muammoga yechim topish maqsadida Xalq banki vakili naqd pul qabul qiluvchi qurilmalar orqali kartalarni to'ldirish shartlariga aniqlik kiritdi. Uning so'zlariga ko'ra, bankning o'z mijozlari uchun bu turdagi xizmatlar mutlaqo bepul amalga oshiriladi. Respublikaning deyarli barcha tumanlarida o'rnatilgan 220 dan ortiq ADM qurilmalari orqali Xalq banki mijozlari o'z kartalarini komissiyasiz to'ldirishlari mumkin. Biroq boshqa tijorat banklari mijozlari uchun mazkur qurilmalar orqali pul kiritishda 0,4 foiz miqdorida komissiya haqi belgiklangan. Bank vakilining tushuntirishicha, ushbu foiz stavkasi katta daromad olish uchun emas, balki amaldagi xarajatlarni qoplash hamda xizmat ko'rsatish infratuzilmasini saqlab qolish maqsadida joriy etilgan. Markaziy bankdagi ushbu muhokamalar moliyaviy bozorda raqobat muhitini yaxshilash, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va bank komissiyalarining shaffofligini ta'minlash yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'lib xizmat qiladi. Kelgusida banklar va iste'molchilar o'rtasidagi munosabatlarni yanada muvozanatga keltirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar ko'rilishi kutilmoqda.
Ulashish