Iqtisodiyot
Qariyb 2 trillion yevro ustida bahs: Yevropa Ittifoqi byudjet boʻyicha kelisha olmadi
Bryusseldagi sammitning birinchi kunida Yevropa Ittifoqi yetakchilari yetti yillik byudjet boʻyicha kelishuvga erisha olmadi. DW nashrining AFP agentligiga tayanib xabar berishicha, sammitda tomonlar oʻrtasida keskin bahslar yuzaga kelgan. Yevrokomissiya yozda 2028-2034-yillarga moʻljallangan, qariyb 2 trillion yevrolik byudjet loyihasini taqdim etgan edi. Germaniya va yana bir qator davlatlar xarajatlarni qisqartirishni qat'iy talab qilmoqda. Tejamkorlik tarafdori boʻlgan davlatlar qatoriga Germaniyadan tashqari Avstriya, Shvetsiya, Daniya, Niderlandiya va Finlandiya ham kirdi. Shu bilan birga, Fransiya, Ispaniya va Polsha byudjetni oshirish tarafdori ekanini bildirdi. YEI Kengashiga raislik qilayotgan Irlandiya byudjet loyihasini 140 milliard yevroga qisqartirishni taklif qildi. Bu taklif raqobatbardoshlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar, mudofaa va tashqi siyosat yoʻnalishlaridagi xarajatlarni kamaytirishni nazarda tutadi. Fransiya esa byudjetni aʼzo davlatlar badallarini oshirmasdan koʻpaytirish uchun yangi umumevropa yigʻimlarini joriy etishni taklif qilmoqda. Gap raqamli xizmatlar, kriptoaktivlar va internetdagi qimor oʻyinlaridan yigʻim undirish haqida bormoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers muzokaralar boshlanishidan oldin Yevrokomissiya taklif etgan byudjetni sezilarli darajada qisqartirishga chaqirgan edi. U qishloq xoʻjaligi hamda hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tafovutlarni kamaytirish siyosati uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratishga qarshi chiqdi. YeIga aʼzo koʻplab davlatlar kelishmovchiliklarga qaramay, byudjetni 2026-yil oxirigacha tasdiqlashni istamoqda. Ular 2027-yildagi saylovlar natijasida ayrim mamlakatlarda hokimiyatga yevrointegratsiyaga shubha bilan qaraydigan siyosiy kuchlar kelishi kelishuvni yanada qiyinlashtirishi mumkinligidan xavotirda. Biroq Avstriya kansleri Kristian Shtoker muzokaralar kelasi yilgacha choʻzilishi ehtimolini ham istisno qilmagan. Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar dekabr oyida davom etishi rejalashtirilgan.
Ulashish