Siyosat
Bojxona to'lovlarini to'lashdan bo'yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasining majlisi bo'lib o'tdi. Unda bojxona sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati shahar va tumanlarining ma'muriy-hududiy chegaralarini o'zgartirish masalalari ham ko'rib chiqildi.
"O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bojxona sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o'zgartishlar kiritish to'g'risida"gi qonun muhokamasida amaldagi qonunchilikda katta miqdordagi bojxona to'lovlarini to'lashdan bo'yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud emasligi ularga qarshi kurashish samaradorligiga salbiy ta'sir ko'rsatayotgani qayd etildi. Xususan, 2022 yilda 162 milliard so'mlik 291 ta, 2024 yilda esa 247 milliard so'mlik 348 ta shunday holat aniqlangani ma'lum qilindi.
Qonun loyihasi bilan katta miqdordagi bojxona to'lovlarini to'lashdan bo'yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, shuningdek, bojxona organlari tomonidan surishtiruv shaklida tergov qilinadigan jinoyatlar doirasini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Bu chora-tadbirlar davlat byudjeti daromadlarini himoya qilish va noqonuniy harakatlarning oldini olishda muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.
"O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida"gi qonun muhokamasida esa ayrim normalar yuzasidan vazirlik va idoralar tomonidan bildirilgan taklif hamda mulohazalarga e'tibor qaratildi. Xususan, chet davlat hududidagi qurolli to'qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda qatnashishni, shuningdek, yollanishni targ'ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish uchun javobgarlik belgilanadigan normalar ko'rib chiqildi.
Ushbu normalarni amaliyotda qo'llash, ularning huquqiy jihatdan aniq va bir xil talqin etilishini ta'minlash hamda ijro mexanizmlarini belgilash yuzasidan qo'shimcha tuntirish va asoslantirish zarurligi ta'kidlandi. Qonun loyihasining mukammalligi huquqni qo'llash amaliyotida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan tushunmovchiliklarning oldini oladi.
Yig'ilishda Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Guliston, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos tumanlari ma'muriy-hududiy chegaralarini o'zgartirish masalasi ham muhokama qilindi. Hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishda ma'muriy chegaralarni aniq belgilash muhimligi qayd etildi.
Ma'lum qilinishicha, keyingi yillarda Sirdaryo viloyatida aholi punktlarining kengayishi, yangi turar joylar, ijtimoiy ob'ektlar va investitsiya loyihalarining barpo etilishi natijasida mavjud chegaralarni qayta ko'rib chiqish zarurati yuzaga kelgan. Yangi o'zgarishlar shahar va tumanlarni qo'shimcha yer maydonlari bilan ta'minlashga xizmat qiladi.
Taklif etilayotgan o'zgarishlar Guliston va Shirin shaharlarini kengaytirish, aholining uy-joyga bo'lgan ehtiyojini qondirish, infratuzilmani yaxshilash hamda hududiy boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan. Muhokama yakunida qo'mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Ulashish