← Orqaga
searchTV.uz

Oʻzbekistonda daxlsizlik huquqini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

Oʻzbekistonda daxlsizlik va immunitet huquqiga ega shaxslar doirasi hamda ularga nisbatan ish yuritish tartibiga aniqlik kiritildi. Yangi qonunda daxlsizlik va immunitet huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilandi. Oʻzbekiston prezidenti 14-oktabr kuni imzolagan qonun bilan, daxlsizlik va immunitetga ega shaxslarga nisbatan ish yuritishning oʻziga xos tartibi belgilandi. Bu oʻzgarishlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylikni taʼminlashga xizmat qiladi. Qonunga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari, inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman), bolalar huquqlari boʻyicha vakil daxlsizlik huquqiga ega hisoblanadi. Shuningdek, sudyalar, prokurorlar, tergovchilar va surishtiruvchilar ham ushbu toifaga kiradi. Bundan tashqari, advokatlar, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, Prezidentlikka nomzodlar nomzodlik maqomida boʻlgan davrda daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari ishdan boʻshatilganidan keyin besh yil davomida oʻz vazifalari bilan bogʻliq boʻlmagan harakatlari uchun daxlsizlikka ega boʻladi. Immunitetga ega shaxslar qatoriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolari kiradi. Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari oʻz vazifalarini bajarish munosabati bilan qabul qilgan qarorlari yuzasidan immunitetga ega. Daxlsizlik huquqiga ega shaxsni ushlab turish va huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelish qatʼiyan taqiqlanadi. Faqatgina Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasida nazarda tutilgan hollarda, yaʼni shaxs jinoyat ustida qoʻlga tushganda uch soatgacha ushlab turishga ruxsat etiladi. Daxlsizlikka ega shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun vakolatli organning roziligi talab etiladi. Masalan, deputatlar uchun tegishli palataning roziligi kerak boʻlsa, Prezident Administratsiyasi xodimlari uchun Bosh prokurorning taqdimnomasiga asosan Prezidentning yozma roziligi talab qilinadi.
Ulashish