Iqtisodiyot
Xalqaro savdo barqarorligi bo‘yicha 30 ta iqtisodiyot baholandi: Buyuk Britaniya yetakchi
Buyuk Britaniya 2026-yilgi Hinrich–IMD Barqaror savdo indeksida birinchi oʻrinni egalladi. Xalqaro savdoni iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik maqsadlar bilan uygʻunlashtirish qobiliyati baholangan 30 ta iqtisodiyot orasida Singapur ikkinchi, Rossiya esa 29-oʻrinda qayd etildi.
Indeks Hinrich Foundation va IMD Jahon raqobatbardoshligi markazi hamkorligida ishlab chiqilgan. Baholash uchta asosiy yoʻnalish boʻyicha 72 ta koʻrsatkichni qamrab oladi. Umumiy reytingda 100 ball toʻplagan Britaniya 2024-yilga nisbatan bir pogʻona yuqorilagan. Singapur ikki pogʻona koʻtarilib, ikkinchi oʻrinni egallagan.
Keyingi oʻrinlarda Yangi Zelandiya, Hongkong va Avstraliya joylashgan. Ayrim iqtisodiyotlar sezilarli oʻsish koʻrsatgan. Malayziya toʻrt pogʻona koʻtarilib 11-oʻringa, Kambodja toʻrt pogʻona yuqorilab 15-oʻringa chiqqan. Shri-Lanka ham oʻz natijasini toʻrt pogʻona yaxshilab, 22-oʻrinni egallagan.
Shu bilan birga, baʼzi davlatlar pastlagan. Yaponiya uch pogʻona pastlab sakkizinchi, Xitoy uch pogʻona tushib 19-oʻrinda qayd etilgan. Indeksning iqtisodiy yoʻnalishi mamlakatlarning xalqaro savdo orqali oʻsishni taʼminlash qobiliyatini baholaydi.
Iqtisodiy yoʻnalishda eksport bozorlarining xilma-xilligi va davlat qarzining YaIMga nisbati kabi omillar hisobga olingan. Ushbu yoʻnalishda Singapur birinchi oʻrinni olgan. AQSH esa toʻrtinchi oʻrindan ikkinchi oʻringa koʻtarilgan, biroq tarif siyosati va uning oqibatlari mamlakat natijasiga taʼsir qilgan.
Ijtimoiy yoʻnalish inson kapitali rivojini, jumladan, oliy taʼlim bilan qamrov va kutilayotgan umr davomiyligini hisobga oladi. Bu borada Avstraliya Kanadani biroz ortda qoldirib, yetakchi boʻlgan. Ekologik yoʻnalishda esa tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya baholangan.
Ekologik yoʻnalishda Yangi Zelandiya birinchi oʻrinni egallagan. Kambodja 2025-yildagi 17-oʻrindan 2026-yilda uchinchi oʻringa koʻtarilgan. Hongkong sakkizinchi oʻrindan toʻrtinchiga, Vetnam esa 13-oʻrindan sakkizinchiga chiqqan.
Eslatib oʻtamiz, indeks barcha mamlakatlarni qamrab olmaydi va iqtisodiyotlarning umumiy qudratini baholamaydi. U faqat tanlab olingan 30 ta iqtisodiyotda xalqaro savdoning uzoq muddatli barqarorligini taqqoslaydi.
Ulashish