Siyosat
Marko Rubio Samarqandga 200 dan ortiq biznes vakili bilan keladi
AQSH davlat kotibi Marko Rubio joriy yilning 17-22-oktabr kunlari O'zbekistonning Samarqand shahri hamda Hindistonning Mumbay va Jamnagar shaharlariga rasmiy safar uyushtiradi. Bu haqda AQSH Davlat departamentining 13-oktabrdagi rasmiy bayonotida ma'lum qilindi. O'zbekistonga tashrifi doirasida Marko Rubio Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etishi ko'zda tutilgan. Ushbu diplomatik platforma orqali AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Tashrif davomida davlat kotibi Markaziy Osiyo mamlakatlari – O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg'izistonning yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama muzokaralar o'tkazishi rejalashtirilgan. Muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy aloqalar va siyosiy muloqotni mustahkamlash kabi dolzarb masalalar ko'rib chiqiladi. Shuningdek, AQSH Davlat departamentining ta'kidlashicha, Marko Rubioni O'zbekistonga tashrifi chog'ida 200 dan ortiq biznes rahbaridan iborat yirik AQSH tijorat delegatsiyasi kuzatib boradi.
Mazkur tashrif AQSH va Markaziy Osiyo o'rtasidagi tijorat hamkorligini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo'lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Ikki yuzdan ortiq biznes rahbarlarining jalb etilishi mintaqada qo'shma loyihalarni amalga oshirish va investitsiya muhitini yaxshilash uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Samarqanddagi uchrashuvlardan so'ng, Marko Rubio o'z safarini davom ettirib, Hindistonga yo'l oladi.
Ma'lumot uchun, bu Marko Rubioning joriy yilda Hindistonga amalga oshiradigan ikkinchi rasmiy tashrifi bo'ladi. Hindistonda u ushbu mamlakatning yuqori martabali hukumat vakillari bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qiladi. Shuningdek, mintaqaviy va global vaziyat hamda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha ko'rib chiqiladi. Tashrif doirasida biznes rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar o'tkazilib, investitsiya va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Ulashish