← Orqaga
searchTV.uz

Sanoat xavfsizligi: qonunchilikda javobgarlik kuchaytiriladi

Mamlakatimizda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mehnat xavfsizligini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlarining murakkablashib borayotgani, sohadagi o‘rganishlar sanoat xavfsizligi talablarini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Ma’lum qilinishicha, 2021-2025 yillarda olib borilgan o‘rganishlarda 70 mingdan ortiq kamchiliklar aniqlanib, 7 ming 800 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanilgani huquqiy mexanizmlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida sanoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘quvda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, davlat nazorati samaradorligini oshirish hamda mas’ul subyektlarning javobgarligini aniq belgilashga qaratilgan. Xususan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan normalarga ko‘ra, xavfli ishlab chiqarish va potensial xavfli obyektlarda sanoat xavfsizligi talablarini buzish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchun qat’iy jazo choralari belgilanmoqda. Shuningdek, sanoat xavfsizligi talablariga rioya etmaslik, davlat nazoratini tashkil etmaslik hamda avariyalar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik ko‘rish talablarini bajarmaslik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda. Takroriy huquqbuzarliklar uchun esa javobgarlik yanada kuchaytiriladi. Loyihada sohada vakolatli organlarning vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, ularning huquqiy maqomini takomillashtirish ham ko‘zda tutilgan. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi davlat nazorati samaradorligini oshirish va baxtsiz hodisalar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Muhlislar va mutaxassislar e’tiborida bo‘lgan mazkur qonun loyihasi muhokamalardan so‘ng birinchi o‘quvda qabul qilindi. Hujjat sohadagi qonunchilik bazasini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Ulashish