Iqtisodiyot
Intellektual mulk huquqlari himoyasi yanada kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oqishda muhokama qilindi. Ushbu muhim hujjat intellektual mulk sohasida huquqiy muhofaza mexanizmlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan. Qonun loyihasi orqali tadbirkorlik subyektlari hamda mahalliy va xorijiy investorlar uchun yanada qulay huquqiy muhit yaratish ko'zda tutilgan. Shuningdek, ma'muriy tartib-taomillarni sezilarli darajada soddalashtirish masalalari ham qamrab olingan.
Loyihada xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig'ini bajarish tartibida yaratilgan asarlar, jumladan, adabiy, ssenariy, musiqiy, xoreografiya, audiovizual, arxitektura va dizayn kabi asarlarga bo'lgan mulkiy huquqlarni tartibga solishda tomonlarning shartnomaviy erkinligi ta'minlanmoqda. Xususan, xizmat asarlariga oid mulkiy huquqlarning o'n yildan keyin avtomatik ravishda muallifga o'tishi haqidagi eski norma bekor qilinmoqda. Endilikda mazkur munosabatlarni to'g'ridan-to'g'ri shartnoma asosida belgilash qoidasi joriy etilmoqda.
Shuning yani, intellektual mulk obyektlari bo'yicha davlat ekspertizasi qarorlaridan norozi bo'lgan fuqarolar va tadbirkorlarga ApeLLiya siya kengashiga murojaat qilish bilan bir qatorda, bevosita sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda. Bu o'zgarish fuqarolar hamda tadbirkorlarning sud orqali o'z buzilgan huquqlarini ishonchli himoya qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi va buzilgan huquqlarning tezkorlik bilan tiklanishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutuqlariga oid patentlarning amal qilishini saqlab qolish maqsadida davlat boji to'lashda oldindan to'lash imkoniyati yaratilmoqda. Bu huquq egalari uchun qo'shimcha qulayliklar eshigini ochib, patentlarning turli texnik sabablarga ko'ra amal qilishdan chiqib ketishining oldini oladi. Shu bilan birga, intellektual mulk obyektlaridan yanada samarali foydalanishni ta'minlashga zamin hozirlaydi.
Ma'sullar ta'kidlaganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va himoya qilish mexanizmlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Bu esa mamlakatimizda innovatsion faoliyatni har tomonlama rag'batlantirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishda muhim omil bo'ladi. Qizg'in muhokamalardan so'ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oqishda qabul qilindi.
Ulashish