← Orqaga
searchTV.uz

Davlat xaridlariga oid qonun loyihasi masul qo'mitaga qaytarildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor muhim masalalar muhokama qilindi. Xususan, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o'qishda moddama-modda ko'rib chiqildi. Mazkur hujjat davlat xaridlari sohasida shaffoflikni ta'minlash, raqobat muhitini kengaytirish hamda xarid qilish tartib-taomillarini xorijiy mamlakatlarning ilg'or tajribasi asosida takomillashtirishga qaratilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini davlat xaridlarida yanada faol ishtirok etishga jalb qilish ham asosiy maqsadlardan biridir. Deputat O.Musulmonovning ta'kidlashicha, qonun loyihasida davlat xaridlari natijalari, shu jumladan to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar haqidagi ma'lumotlarni Davlat byudjeti ijrosi to'g'risidagi hisobotlar tarkibiga kiritish ko'zda tutilmoqda. Bundan tashqari, xaridlar doirasida yetkazib berilgan tovarlar va xizmatlar bo'yicha ma'lumotlarni hududlar kesimida ochiqlash belgilanyapti. Loyihada davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko'rib chiqish bo'yicha hududiy komissiyalar faoliyatini yo'lga qo'yish ham nazarda tutilgan bo'lib, bu sohada hisobdorlik va nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi. Takroriy auktsion, tanlash va tenderlarda yagona ishtirokchi bilan bog'liq tartiblarni aniq belgilash masalalari ham muhokama markazida bo'ldi. Majlisda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ish bajaruvchilar va xizmat ko'rsatuvchilarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan normalar takomillashtirilgani qayd etildi. Byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlarida preferentsiya qo'llanilishi mumkin bo'lgan mahalliy subyektlar doirasini kengaytirish taklif etilmoqda. Qizg'in muhokamalar va savol-javoblardan so'ng, deputatlar tomonidan qonun loyihasidagi ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo'yicha takliflar bildirildi. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi qo'shimcha ravishda takomillashtirish uchun mas'ul qo'mitaga qaytarildi.
Ulashish